65 nafar fan doktorining 5 nafari, 339 nafar fan nomzodlarining 78 nafarini ayollar tashkil qilmoqda

Date:

Ilm-fan eshigini bir bora ochgan inson undan qaytib chiqishi amri mahol. U xoh yosh, xoh keksa bo‘lsin, xoh erkak, xoh ayol. Bu borada, ayniqsa, hozirgi zamonda ayollarga e’tibor jiddiy; xotin-qizlarning ta’lim-tarbiya ko‘rishi yo‘lida bugungi kunda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Axir, ayol — bo‘lajak ona. Farzand ta’limning, tarbiyaning, kelajak hayotning yo‘nalishini ona yo‘rig‘i asosiga quradi. Sog‘lom fikrli farzand tarbiyalashda esa onadan chuqur bilim sohibasi bo‘lishlik talab etiladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy, qolaversa, ilm-fan yo‘lidagi faolliklarini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsad yo‘lida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrdagi 70-sessiyasida 11-fevral “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida rasman e’lon qilingan bo‘lib, 2016-yildan boshlab mazkur sana dunyoning ko‘plab davlatlarida keng nishonlanib kelinmoqda. Ushbu kunning davlatimiz miqyosida nishonlanishi “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da olima ayollar va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatishning bir ko‘rinishidir.
Bugungi kunda viloyatimiz jami aholisining qariyb yarimini xotin-qizlar tashkil qiladi. Statistik ma’lumotlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2022-2023-o‘quv yilida professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 24 401 nafar o‘quvchining 13 322 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladigan bo‘lsa, oliy ta’lim muassasalarida esa ularning soni 32 959 tadir. Ayollarning ilmsiz qolishi, siyosiy hayotdan chetda turishi jamiyat uchun ham, unda yashayotgan xalq uchun ham nafdan ko‘ra zarar yetkazishi tayin. Ayni paytda Surxondaryo viloyatidagi mavjud 8 ta Oliy ta’lim muassasalarida 2021-2022-yillar davomida ilmiy darajaga ega 65 nafar fan doktorlari(DSc) ning 5 nafari, 339 nafar fan nomzodlari (PhD) ning 78 nafarini ayollar tashkil qilmoqda.
Surxondaryo viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda Termiz davlat universiteti bilan hamkorlikda 11-fevral — “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni”ga bag‘ishlab “Jamiyatda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarning barqaror rivojlanishida xotin-qizlarning roli” mavzusida viloyat forumi tashkil etilgani ayollar faolligini oshirishda kichik bir hissa bo‘lib qo‘shildi. Tadbirni ochib bergan viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova haftalik davomida viloyatda olima ayollar va ilmiy izlanishlarni olib borayotgan tadqiqotchi xotin-qizlar, davlat mukofoti hamda nomdor stipendiyalar sovrindorlari bo‘lgan iqtidorli talaba qizlar ishtirokida ta’lim muassasalari va mahallalarda ilmiy-amaliy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etgan xotin-qizlarga minnatdorchilik bildirdi. Forumda umrining bir qismini ilm-fan rivoji uchun baxsh etgan, jamiyat uchun biroz bo‘lsa-da, foydasi tegishi yo‘lida tinimsiz harakat qilayotgan olimalar ishtirok etib, ma’ruzalar qilishdi.
Tadbir yakunida ayollarning mashaqqatli mehnatini munosib baholash maqsadida bir qancha xotin-qizlar tashakkurnomalar bilan mukofotlandi.

D.Otaqulova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

678 nafar aholi ichimlik suvi bilan ta’minlandi

Denov tumani "Yoshlik" mahallasi Alamjahon qishlog‘i aholisi uchun diametri...

Mashg‘ulotlar boshlandi

O‘zbekistonda qirg‘iz-o‘zbek kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Mashg‘ulotlar 14-oktyabrga...

Kaskad usulida…

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan AQShning Mehribonlik korpusi...

“Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berildi

Ezgu amallarni o‘zida mujassam etgan “Yashil makon” umummilliy harakati...
KunTun
KunTun