Olma mazali va vitaminlarga boy meva. Shuning uchun ham qishin-yozin olmaxo‘rlikni kanda qilmaymiz. Sharq tabobatining buyuk namoyondasi Abu Ali ibn Sino ham har kuni uxlashdan oldin bitta olma yeyishni tavsiya etgan. Tarkibida C , B1 , B2 , P , E vitaminlari, karotin, kaliy, temir, marganets, kalsiy, pektinlar, qand moddasi, organik kislotalar mavjud olma haqida eshitishimiz bilan ishtahamiz ochilishi aniq.
Olma tarkibidagi pektin va tegishli tolalar tufayli qondagi xolesterin darajasini kamaytiradi. Olma po‘stlog‘ida katta miqdorda kversetin antioksidanti mavjud bo‘lib, u C vitamini bilan birga erkin radikallarning organizmga zararli ta’sir ko‘rsatishiga xalaqit beradi. Shuning uchun ham po‘stlog‘ini tozalamasdan iste’mol qilish organizm uchun foydali. Tadqiqotchilar kuniga 2 dona olma iste’mol qilish organizmdagi xolesterin miqdorini 16 foizga kamaytirishini aniqlashgan. Xuddi shuncha olma kichik yoki o‘rta boshli piyoz va 4 piyola ko‘k choy bilan iste’mol qilinsa, yurak xuruji sodir bo‘lishi xavfini 32 foizga qisqartiradi.
Olma urug‘lari yod moddasiga juda boy. Agar kuniga 5-6 dona olma urug‘i iste’mol qilinsa, yodga bo‘lgan bir kunlik ehtiyoj to‘liq qondiriladi.
Olma sharbati yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchi kishilar uchun juda foydali. Uni gepatoxoletsistit xastaligida, buyrakda tosh yig‘ilganida, oshqozon-ichak kasalliklarida, ateroskleroz xastaligida, organizamdagi modda almashinuvi jarayonlari (semirish, artrit, qo‘l-oyoqlarning zirqirab og‘rishi) buzilganida ichish tavsiya etiladi.
An’anaga ko‘ra olma me’da buzilishiga qarshi tabiiy vosita hisoblanadi. U ovqat hazm bo‘lishini me’yoriga keltiradi. Buning o‘z sabablari bor: olmada ovqat hazm bo‘lishiga yordam beruvchi olma va vino kislotasi mavjud.
Ayni mavsumda esa olmalar g‘arq pishgan va bozor rastalarida ancha arzon narxdagi turli xildagisini xarid qilishingiz mumkin. Ayniqsa, Boysunning toza havosida yetilgan olmalar o‘zining sersuvligi va ajoyib ta’mi bilan mashhur. Boysun tumanining tog‘li hududlaridan Duoba, Xo‘jaidod, O‘rmonchi, Machay, Qizilnavr mahallalarida 10 dan ziyod olma navlari yetishtirilmoqda.
Boysun tumanidagi “Avlod” mahallasining mehnatkash dehqonlari pishgan olmalarni yig‘ib-terib olish ishlari bilan band. Bozor rastalidan esa allaqachon Boysun olmalari joy olib, xaridorlar ko‘nglini shod etmoqda.
Sohibjamol