Taxiatoshliklar Surxonda mehmon bo‘lib turibdi

Date:

Xabaringiz bor, Prezidentimiz tashabbusi va selektor yigʻilishlarida berilgan topshiriqlari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida viloyatlar tumanlarga biriktirilgan edi.

Xususan, Taxiatosh tumanini viloyatimiz tajribasi asosida rivojlantirish nazarda tutilib, shu yoʻnalishda bir qator loyihalar amalga oshiriliyapti. Surxondaryo va Taxiatosh o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida bir guruh taxiatoshliklarning vohaga sayohati uyushtirildi.

Sayohatchilar orasida Taxiatosh tuman hokimligi mutasaddilari, tadbirkor va hunarmandlar, iste’dodli yoshlar hamda mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari ham bor.

Taxiatoshliklar 17-18-mart kunlari vohamizda bo‘lib, viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanish jarayonlari bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan.

Taxiatoshliklar o‘zlari yashab turgan tumanni so‘lim Surxon tajribasi asosida yanada rivojlantirish borasida vohaliklar ish tajribasini ham o‘rganishni maqsad qilishgan.

50 nafar taxiatoshliklardan iborat delegatsiya a’zolari bugun vohamizning diqqatga sazovor joylarida bo‘lishdi.

Ilk sayohat manzili Hakim at-Termiziy ziyoratgohi bo‘lgan bo‘lsa, O‘rta Osiyoda yagona hisoblanadigan Arxeologiya muzeyi mehmonlarda ulkan taassurot qoldirdi.

—Rostini aytishim kerakki, Surxondaryo deganda, ko‘z oldimga cho‘lu biyobon o‘rtasidagi maskan kelardi, — deydi Taxiatosh tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mutaxassisi Azamat Aychonov. — bu yerdagi rovojlanishni, zamonaviy binolar, tarixiy qadamjolarni ko‘rib fikrim butkul o‘zgardi. Eng zamonaviy rivojlangan shaharlardan qolishmaydigan, mehri daryo odamlari, samimiy insonlar yashaydigan vohaga kelganimdan quvonchim cheksiz. Olis bir qishloqning bolasi bo‘la turib, mana bunday betakror joylarni ko‘rish nasib etdi. Namangan gullar shahri, deyishadi. Aslida Surxondaryo gullar shahri ekan. Bohavoligini aytmaysizmi, havosi biram tanga yoqimliki, atrof yashillikka burkangan.  Bizda hali bahor nafasi sezilgani yo‘q.

Vohamizning boy tarixini o‘zida aks ettirgan muzey bilan yaqindan tanishgan taxiatoshliklar Termiz shahridagi Yoshlar markazida ham bo‘lib, u yerda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Ha aytgancha, “Otchopar” maydonida bo‘lib o‘tadigan “Navro‘z” saylida Taxiatoshning bolalar musiqa va san’at maktabining ijodkorlaridan tarkib topgan “Shug‘la” jamoasi ham o‘z chiqishlarini namoyish etadi.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qashqadaryolik jurnalistlar Termizda

Har bir fuqaro saylash va saylanish huquqiga ega. Joriy...

O‘qituvchi maoshini o‘zi belgilaydi

O‘qituvchi-pedagoglar qadr topib, ular uchun barcha shart-shaoitlar yaratildi. Maqsad...

Loyihalar va taqdimotlar bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq...

Marburgga qarshi choralar kuchaytirildi

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Afrika qit’asidagi Ruanda davlatida Marburg...
KunTun
KunTun