Jahon iqtisodiyotidagi transformatsiya, transport yo‘laklari uchun raqobat, energetik xavfsizlik masalalari va mintaqaviy ittifoqlar faollashuvi Markaziy Osiyoni strategik ahamiyatga ega hudud sifatida yanada dolzarb etmoqda. Bunday sharoitda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy hamkorlik va o‘zaro ishonch muhiti barqaror taraqqiyotning asosiy omiliga aylanmoqda.
Geosiyosiy integratsiya jarayonlarida yangi bosqich
Markaziy Osiyo davlatlari keyingi yillarda ikki va ko‘p tomonlama muloqot formatlarini kuchaytirib, mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan institutsional mexanizmlarni shakllantirmoqda. Bu jarayonda tashqi hamkor davlatlar bilan aloqalar ham rivojlanib, siyosiy muloqot maydoni kengaydi.
Xususan, mintaqaviy tashabbuslarga Ozarbayjonning ham faol jalb etilishi Markaziy Osiyo-Kavkaz hamkorlik makonini shakllantirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Bu holat transport, energetika va savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Birinchidan, geoiqtisodiy jihatdan strategik ahamiyat kasb etayotgan transport loyihalari mintaqadagi integratsiyani tezlashtirmoqda. Shu nuqtai nazardan, “O‘rta yo‘lak” tashabbusi Sharq va G‘arb o‘rtasidagi eng qisqa va xavfsiz savdo yo‘nalishlaridan biri sifatida shakllanmoqda. Ushbu yo‘lak orqali yuk tashish hajmining ortishi mintaqa davlatlarining tranzit salohiyatini oshirib, ularni global logistika zanjirining muhim bo‘g‘iniga aylantirmoqda.
Ikkinchidan, infratuzilmaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi rejalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur loyiha amalga oshirilsa, nafaqat mintaqaviy savdo hajmi ortadi, balki Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlari ham kengayadi. Shu bilan birga, yangi temir yo‘l tarmoqlari sanoat, logistika va turizm sohalarida ham investitsiya faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Uchinchidan, mintaqa davlatlari tashqi siyosatda muvozanatli hamkorlik tamoyiliga tayanayotgani ularning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlamoqda. Jumladan, Yevropa Ittifoqi, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan parallel ravishda hamkorlik yuritilishi iqtisodiy manfaatlar muvozanatini taʼminlab, tashqi bosimlar xavfini kamaytirmoqda. Bu esa mintaqani global raqobat sharoitida mustaqil siyosiy subyekt sifatida namoyon qilmoqda.
Markaziy Osiyo global sarmoyalar chorrahasi va xavfsizlik kafolati
Birgina, 2025-yil Markaziy Osiyo uchun investitsion yuksalish davri bo‘ldi. Mintaqaviy yalpi ichki mahsulot (YaIM) 6 foizdan ko‘proqqa o‘sib, jalb qilingan sarmoyalar hajmi 25 mlrd AQSh dollaridan oshdi. Ushbu o‘sishning asosiy qismi Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi hamda Osiyo mamlakatlaridan kirib kelgan 20 milliard dollarlik yangi kapital oqimi hisobiga shakllandi. Mintaqaning asosiy iqtisodiy yetakchilari bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘iston yashil energiya, sanoat ishlab chiqarishi hamda Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish orqali asosiy investitsiya oluvchi davlatlarga aylandi.
2025-yilda Markaziy Osiyo investitsiya bozorida O‘zbekiston Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha ketma-ket oltinchi yil peshqadamlikni saqlab qolgan bo‘lsa, Qozog‘iston yashil texnologiyalar va sanoat loyihalarida yuqori natijalarni qayd etdi. Fors ko‘rfazi davlatlari (BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar) tomonidan kiritilgan 9 mlrd dollarlik sarmoyalar investorlar tarkibi sezilarli darajada kengayganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda qayta tiklanadigan energiya, tog‘-kon sanoati, logistika va raqamli texnologiyalar xorijiy investorlar uchun eng ustuvor va strategik yo‘nalishlar bo‘lib xizmat qilmoqda. Mutaxassislar fikricha, o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlik qanchalik kuchli bo‘lsa, siyosiy barqarorlik ham shunchalik mustahkam bo‘ladi, chunki iqtisodiy manfaatlar davlatlarni hamkorlikka undaydi.
Markaziy Osiyo xavfsizligiga taʼsir qiluvchi asosiy omillar – transmilliy jinoyatchilik, narkotrafik, ekstremizm va chegara xavfsizligi masalalaridir. Ayniqsa, Afg‘oniston bilan chegaradosh davlatlar uchun xavfsizlik siyosati muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois mamlakatlar qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar, axborot almashinuvi va chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish choralarini ko‘rmoqda. Siyosiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, o‘zaro ishonch darajasi oshgani sari mintaqada diplomatik muzokaralar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Zamonaviy geosiyosiy raqobat kuchaygan sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi kuchlar ta’siri, resurslar uchun kurash, axborot xavfsizligi va iqlim o‘zgarishi kabi xavf-xatarlarga qarshi ehtiyotkorona tashqi siyosat yuritmoqda.
Mazkur tahdidlarga samarali javob qaytarish maqsadida mintaqa mamlakatlari o‘zaro diplomatik platformalarni mustahkamlash, umumiy pozitsiyani shakllantirish va birgalikdagi mudofaa hamda rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishga intilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyoda siyosiy hamkorlikning kuchayishi mintaqaviy barqarorlikning asosiy kafolati hisoblanadi. Shu bois, davlatlar o‘rtasida ishonch muhitini shakllanishi, iqtisodiy integratsiyaning chuqurlashuvi va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik mintaqani barqaror rivojlanayotgan geosiyosiy makonga aylantirmoqda.
Shuningdek, kelgusida mintaqaviy institutlar rolini kuchaytirish, transport-logistika tizimlarini integratsiyalash va tashqi siyosiy pozitsiyalarni muvofiqlashtirish Markaziy Osiyoning global siyosatdagi taʼsirini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Zuhriddin Ismoilov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi уetakchi mutaxassisi

