Bandixon tumanida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yana bir muhim loyiha bilan boyidi. “Obikor” mahallasida zamonaviy “IbratEdu” o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Ochilish marosimida tuman rahbariyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, mahalla faollari va yoshlar ishtirok etib, yangi maskanning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Markaz tashabbuskori Fazilat Xusanova davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, “Ko‘mak” loyihasi doirasida olingan mablag‘ evaziga ushbu ta’lim maskanini yo‘lga qo‘ydi.
Endilikda mahalla yoshlari uzoqqa bormasdan, o‘z hududida ingliz tili, matematika, fizika kabi fanlarni malakali ustozlardan o‘rganish imkoniyatiga ega. Bu esa ularning kelajak rejalari uchun mustahkam poydevor yaratadi.
“IbratEdu” nafaqat o‘quv markazi, balki yoshlarning orzulari ro‘yobga chiqadigan yangi manzilga aylanmoqda.

