Maktablar – kelajak bunyodkorlari kamol topadigan maskan. Shu bois ushbu dargohlarda xavfsizlikni ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib, bu borada qorovullarning o‘rni beqiyosdir.
Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash xizmati tomonidan umumta’lim maktablari qorovullari uchun o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan 15 kunlik mashg‘ulotlarda ularning nazariy va amaliy ko‘nikmalari mustahkamlanmoqda.
Denov tumanida o‘tkazilgan navbatdagi mashg‘ulotlarda mutaxassislar qorovullarga xizmat vazifalari, favqulodda holatlarning oldini olish, birlamchi o‘t o‘chirish vositalaridan foydalanish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish tartiblarini amaliy tarzda tushuntirdi. Shuningdek, maktab hududida xavfsizlikni ta’minlash, begona shaxslarni kiritmaslik va tezkor xabar berish tizimlari bo‘yicha ham muhim tavsiyalar berildi.
Mazkur mashg‘ulotlar qorovullarning kasbiy mahoratini oshirib, maktablarda xavfsiz va osoyishta muhitni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘quvchilar uchun yanada ishonchli va barqaror ta’lim muhitini yaratishga zamin bo‘ladi.

