Hududlarda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki aholi bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda. Angor tumanida yo‘lga qo‘yilgan yangi loyiha buning yorqin misolidir.
Tumanning “Bahor” va “Ilg‘or” mahallalarida plastik mahsulotlardan savatlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu tashabbuslardan biri tadbirkor Murodulla Jumayev faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, u “Dilshod saxovat” MCHJda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Korxona faoliyati natijasida 6 ta yangi ish o‘rni yaratilib, mahalliy aholi bandligi ta’minlanmoqda. Ishlab chiqarilayotgan savatlar esa hududda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash, qadoqlash va eksportga tayyorlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur loyiha kichik tashabbus orqali katta natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatib, hudud iqtisodiyoti va aholi farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

