2026-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekistonda qurilish sohasida ekologik nazorat sezilarli darajada kuchaytiriladi. Endilikda yirik qurilish obyektlarida maxsus monitoring stansiyalari va kuzatuv kameralarini o‘rnatish, ularni Ekologiya qo‘mitasining yagona bazasiga ulash majburiy bo‘ladi.
Shuningdek, qurilish kompaniyalari ekologik qoidalarni buzsa, ularning reytingi pasaytiriladi. Yangi loyihalarda yana bir muhim talab — binoga tutash hududning kamida 30 foizi ko‘kalamzorlashtirilishi shart. Bundan tashqari, loyihalar ekspertizadan o‘tishi uchun “shamol yo‘laklari” (havo aylanishi) ham albatta inobatga olinadi.
Bu o‘zgarishlar “Toza havo” loyihasi doirasida amalga oshirilib, shaharlarda ekologik muhitni yaxshilash, havoning ifloslanishini kamaytirish va aholi salomatligini himoya qilishga qaratilgan.
Mazkur talablar qurilish jarayonini yanada mas’uliyatli qilish bilan birga, kelajakda yashash uchun qulay va ekologik barqaror muhit yaratishga xizmat qiladi.

