Adliya vazirligi tomonidan o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibiga kiritilgan yangi o‘zgartirishlar akademik litsey o‘quvchilari uchun muhim yengillik va kafolatlarni yaratdi. Unga ko‘ra, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘quvchilar mazkur fanlardan davlat imtihonlarini topshirmaydi va ularga maksimal ball beriladi. Bu esa bilimni baholashda zamonaviy yondashuvni joriy etib, o‘quvchilarni xalqaro standartlar asosida rivojlanishga undaydi.
Shuningdek, yakuniy attestatsiyani o‘z vaqtida topshira olmagan o‘quvchilar uchun ham imkoniyat kengaytirilib, ular 3 yil davomida eksternat tartibida imtihon topshirib, davlat namunasidagi shahodatnoma olish huquqiga ega bo‘ldi. Yana bir muhim yangilik — apellyatsiya tizimining takomillashtirilganidir. Endilikda o‘quvchilar imtihon natijalari e’lon qilinganidan so‘ng 3 ish kuni ichida shikoyat berishlari mumkin va eng muhimi, apellyatsiya jarayonida ularning ballari pasaytirilmaydi.
Mazkur o‘zgarishlar ta’lim tizimida adolat, shaffoflik va o‘quvchilar manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

