Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan aholi gavjum joylarda xavfsizlikni ta’minlash, ayniqsab yong‘inlarning oldini olish maqsadida Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda shahar va tuman FVBlari tomonidan keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan hududlarda viloyat hududidagi markaziy maydonlari, madaniy dam olish maskanlari, bog‘lar, bozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda ommaviy sayllar o‘tkazilishi rejalashtirilgan hududlarda batafsil tekshiruvlar olib borildi. O‘rganish jarayonida elektr tarmoqlari, gaz jihozlari, evakuatsiya yo‘laklari, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari va suv ta’minoti tizimlari holati nazorat qilindi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul rahbar va mutasaddi shaxslarga tushuntirishlar berilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berildi. Ayrim hollarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etmagan mansabdor shaxslarga ma’muriy choralar qo‘llanilmoqda.
Bayram kunlarida aholi gavjum to‘planadigan hududlarda FVB xodimlari tomonidan doimiy navbatchilik tashkil etildi. Hududlarda yong‘in-qutqaruv texnikalari shay holatga keltirilib, favqulodda holat sodir bo‘lgan taqdirda tezkor harakat qilish bo‘yicha tayyorgarlik kuchaytirildi. Shuningdek, ommaviy sayil va xalq sayllari o‘tkaziladigan hududlarda xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatildi.
Pirotexnik vositalardan noqonuniy foydalanish, ochiq olov yoqish, nazoratsiz elektr uskuna bilan bog‘liq xavflarning oldini olish maqsadida profilaktik reyd tadbirlari ham tashkil etildi. Aholiga xavfsizlik qoidalariga amal qilish va favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakat qilish tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, mahallalar, ta’lim muassasalari, bozorlar va savdo markazlarida aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari keng yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolarga yong‘in sodir bo‘lgan holatda qanday harakat qilish, elektr va gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanish hamda tezkor xizmatlarga murojaat qilish tartibi haqida ma’lumotlar berildi.
Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan hududlarda xizmat qilayotgan mas’ul tashkilotlar va tezkor xizmatlar bilan hamkorlikda harakat qilish tartibi yanada takomillashtirildi. Favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatni ta’minlash maqsadida tegishli xizmatlar o‘rtasida hamkorlik mexanizmlari mustahkamlandi.
Amalga oshirilayotgan profilaktik va tashkiliy chora-tadbirlar bayram kunlarini tinch, osoyishta va xavfsiz o‘tkazish, aholi hayoti va mulkini ishonchli himoya qilishga xizmat qilmoqda. Zero, bayram bayramdek o‘tsin!
“Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda zudlik bilan 112, 101 yoki 1050 qisqa raqamlari orqali xabar bering!”
Zulfiya Sohibova,
Surxondaryo viloyati FVB Axborot xizmati yetakchi mutaxassisi

