Xonjizadan  taralgan ma’rifat  nuri

Date:

Buyuk ajdodlarimiz hayotini o‘rganish, ular qoldirgan ilmiy merosdan inson manfaatlariga xizmat qiluvchi o‘git va g‘oyalarni xalqimizga yetkazish har bir davr tadqiqotchilarining muhim vazifalaridan biri bo‘lib kelgan. Surxon vohasining shimoliy hududlari — hozirgi Sariosiyo tumanining Xonjiza qishlog‘ida yashab ijod qilgan shoirlardan biri So‘fiy Hisoriy Xondizagiy hisoblanadi.

So‘fiy Xondizagiy o‘z zamonasining buyuk shoirlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. U kishi ilm, irfon va axloq fazilatlari jihatidan ma’naviy yetakchilar safida namoyon bo‘lgan. U kishining hayoti faqat kitoblar va ma’ruzalar bilan emas, balki amaliyotdagi ibrat, zohidona hayot tarzi, fidokorona mehnat va go‘zal xulq-atvori bilan bezalgan edi.

So‘fiy hazratning shaxsiyatini ajratib turuvchi asosiy fazilatlardan biri — uning xokisorligi edi. U kishi har qancha bilimli va mutafakkir bo‘lmasin, hech qachon o‘zini boshqalardan ustun deb bilmagan, balki hammaga tahammul, muhabbat va samimiyat bilan munosabatda bo‘lgan. So‘zda doimo kamtarlik, ko‘ngilda esa taslimiyat va taqvo qaror topgan edi. Shu bois ham ilm ahli va ixlosmandlar uni yuksak hurmat bilan tilga olar, undan nasihat so‘rab, duo tilar, ma’naviy rahnamo sifatida bilar edilar.

Hozirgi kunda globallashuv, texnologiyalar taraqqiyoti va madaniy almashinuv jarayonlari davrida milliy qadriyatlarimizni asrab qolishda So‘fiy hazratga o‘xshagan shoirlarimizning ilmiy asarlari va ta’limotiga bo‘lgan e’tibor yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. So‘fiy Xondizagiy kabi buyuk shoirlarning asarlari va ularning ijtimoiy-ma’rifiy faoliyatini o‘rganish orqali biz o‘z tariximizdan ilhomlanib, murakkab zamonlarda ham ma’naviy barqarorlikni saqlab qolish imkoniga ega bo‘lamiz.

So‘fiy Xondizagiy — o‘xshashi kam, o‘z davrining buyuk ulamosi va ma’rifatparvari sifatida tarixda chuqur iz qoldirgan shaxs. U zotning hayoti va ilmiy merosi orqali biz nafaqat uning shaxsiy fazilatlari va amaliy ibratlarini, balki umummilliy ta’limot, ma’rifat yo‘li, axloq va ruhiy kamolot haqida ham boy ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Odatda ko‘pchilik ulamolar va ma’rifatparvarlar ilk ta’lim-tarbiyani oila muhitida, ya’ni o‘z uylarida oladilar. Chunki farzandning ilk tarbiyasi va ta’limi uning oilasida, ayniqsa, ota-onaning mehr va e’tibori ostida shakllanadi.

So‘fiy hazratlari ham ana shu an’anaga amal qilgan holda ilk ta’limni oila muhitida, ya’ni o‘z ota-onalari huzurida olganlar. Ul zotning otalari — Domullo Abdulvohid diniy-ma’rifiy va zamonaviy bilimga ega bo‘lib, o‘z davrida ilm-ma’rifat, ta’lim va tarbiyada yetakchi murabbiy sifatida tanilgan edilar.

Keyinchalik So‘fiy hazrat o‘sha davrning mo‘tabar ustozlari huzurida tahsilni davom ettirganlar. Islom olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk mufassir, mohir xattot, ilm va ma’rifatning suyukli farzandi, naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi — Safar Xalifa hazratlari hayoti, ilmiy merosi va yuksak ma’naviyati bilan yurtimizdagi boshqa ajdodlarimiz kabi o‘chmas iz qoldirgan zotlardan hisoblanadi. Xalifa Safar hazratlarining shogirdlari orasida nafaqat yuksak ilmi bilan balki xalq qalbida chuqur o‘rin egallagan, islomiy axloqni hayotida tatbiq qilgan, kamtar va solih insonlar ko‘pchilikni tashkil qilgan. Ularning orasida So‘fiy nomi bilan tanilgan salohiyatli shogird ham bor edi. Ustoz va shogirdlar o‘rtasidagi bu ma’naviy bog‘lanish, ilmni qadrlash an’anasi yurtimizdagi diniy-ma’rifiy merosning ajralmas qismi bo‘lib qoldi.

So‘ngra, So‘fiy hazratlari tahsilni  davom ettirish uchun Denov shahridagi Sayyid Otaliq madrasasiga borganlar. So‘fiy hazrat: Bu madrasada sarf, nahv, mantiq, kalom, fiqh, tarbiya va islomiy odoblar kabi boshlang‘ich ilmlarni o‘rganadilar. Zehni o‘tkir, iqtidori baland, bilimga chanqoq bo‘lgani bois, madrasadagi talabalar orasida tezda e’tibor qozonadilar. Xonjiza tog‘li hudud, yashash shaharga qaraganda qiyin. Ilm o‘rganish ham o‘ziga yarasha bo‘lgan.

So‘fiy hazratlari mana shunday qiyin sharoitda yashab o‘sgani uchun, shahar muhitida tezda moslasha oladilar. Ta’lim jarayonida ham o‘z o‘rnini egallashga ulgura oladilar. Buni sezgan ustozlar So‘fiy hazratlarini darhol odobli, sadoqatli, ilm olishdan, izlanishdan charchamaydigan talabalar qatoriga qo‘shadilar. Ustozlar mezonida talabaning odobi, sabri va mehnatsevarligi muhim o‘rin tutardi. Bu narsalar So‘fiy hazratda shaklanib bo‘lgan edi.

So‘fiy hazratlari Buxorodagi madrasada ta’limotni davom ettirgan. Ta’lim davomida arab, fors tillarini puxta o‘zlashtirib, Qur’oni karim ilmi va tafsiri, hadis, mustalah-ul hadis, fiqh, usul-ul fiqh, meros, mantiq kabi ko‘plab fanlarga kifoya qiladigan darajada ilm va ma’lumotga ega bo‘lgan. So‘fiy hazratlari hayotining asosiy qismini ilm o‘rganish, shogirdlar tarbiyasiga sarflaganlar.

Xonjizalik adabiyot fidoyisi Xusrav Sa’dulloh shoir she’rlarini to‘plab, 2006 yilda “Jo‘shishi daryoyi dars”, (Dars daryosining jo‘shishi) nomi ostida sermazmun so‘zboshi bilan Dushanbe shahri, “Divashtich” nashriyotida chop ettirgan. Ushbu kitobda shoirning hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyati, ilm yo‘lidagi safarlari, ustoz-shogirdlari, oilasi, qarindosh-urug‘lari borasida ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, shoirning betakror ijodidan namunalar berilgan.

Xulosa qilib aytganda, So‘fiy Hisoriy Xondizagiy o‘z davrining ilm-ma’rifatga chanqoq, yuksak axloqiy fazilatlari bilan ajralib turgan shoir va ulamolaridan biri hisoblanadi. U zot nafaqat chuqur ilm egasi, balki kamtarlik, zohidlik va insoniy fazilatlarni o‘z hayotida amalda namoyon etgan ma’naviy yetakchi sifatida ham xalq orasida katta hurmat qozongan. Uning hayoti, ilm olish yo‘lidagi mashaqqatlari, ustoz-shogird an’analariga sadoqati hamda shogirdlar tarbiya lashdagi xizmatlari yurtimizning boy diniy-ma’rifiy merosining muhim qismi bo‘lib qolgan.

Bugungi kunda globallashuv va zamonaviy jarayonlar sharoitida So‘fiy Xondizagiy kabi ajdodlarimizning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish, ularning axloqiy va ma’naviy qarashlarini yosh avlodga yetkazish alohida ahamiyat kasb etadi. Ularning asarlari va ibratli hayoti xalqimizning ma’naviy qadriyatlarini mustahkamlash, ilm-ma’rifatga bo‘lgan hurmatni oshirish va jamiyatda komil inson tarbiyasiga xizmat qiladigan bebaho manba bo‘lib qoladi.

Oyatulloh  Ayniddin,

“Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Retseptsiz sotsa, jazosi og‘ir

2026-yil 6-martda qabul qilingan qonunga muvofiq, tarkibida kuchli ta’sir...

Ichimlik suvi tarmog‘i kengaytirildi

Sariosiyo tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha berilgan...

Xavfsizlik birinchi o‘rinda

Termiz tumanida umumxalq bayrami Navro‘zni tinch va xavfsiz muhitda...

Xonjizadan  taralgan ma’rifat  nuri

Buyuk ajdodlarimiz hayotini o‘rganish, ular qoldirgan ilmiy merosdan inson...
KunTun
KunTun