Tashabbus, tajriba va natija uyg‘un bo‘lsa…

Date:

Bugun yoshlar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish har bir hudud taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda. Ayniqsa, tashabbuskor va bilimli yoshlar safini kengaytirish nafaqat ularning shaxsiy muvaffaqiyatini, balki jamiyatning iqtisodiy barqarorligini ham ta’minlaydi. Shu maqsadda “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasining viloyat filiali tomonidan o‘tgan yillar davomida tizimli va samarali ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 765-son qarori doirasida bitta loyiha uchun 500 million so‘m imtiyozli kredit ajratilib, 8 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Bu ko‘rsatkich son jihatdan kichik tuyulishi mumkin, biroq har bir yangi ish o‘rni ortida bir oilaning barqaror daromadi, yoshlarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi va mahalliy iqtisodiyotning mustahkamlanishi turadi.


Imtiyozli moliyalashtirish yoshlarning g‘oyasini amaliy loyihaga aylantirish, kichik biznesni yo‘lga qo‘yish va kelgusida yirik tadbirkorlik subyektiga aylanishi uchun zamin yaratadi.
Hisobot davrida 23 marotaba seminar-trening, 3 marotaba “Biznes marafon” hamda 29 marotaba “Biznes sayohat” tashkil etildi. Seminar-treninglarda yoshlar biznes-reja tuzish, marketing strategiyasi ishlab chiqish, moliyaviy rejalashtirish bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldi. “Biznes marafon”lar esa ularga ruhiy motivatsiya, qat’iyat va yirik maqsadlar sari intilish kuchini berdi. Jumladan, Termiz shahridagi “Indenim tekstil” fabrikasida o‘tkazilgan “Biznes marafon”da muvaffaqiyatli tadbirkorlar — Jahongir Ortiqxo‘jayev, Laziz Adhamov, Zafar Hoshimov, Husan Mamasaidov ishtirok etdi. Ularning hayotiy tajribasi yoshlar uchun tayyor muvaffaqiyat formulasi emas, balki mehnat, tavakkal va qat’iyat yo‘li borligini ko‘rsatdi.
Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida umumta’lim maktablarida 64 marotaba o‘quv-seminar tashkil etilib, 2 600 nafar
o‘quvchi qamrab olindi. Bu tadbirlarning ahamiyati shundaki, yoshlar maktab davridayoq tadbirkorlik tafakkurini shakllantira boshlaydi. Masalan, “Millat umidi” universiteti loyihasi asoschisi Umidjon Ishmuhammedov ishtirokidagi uchrashuvlar bitiruvchilarga oliy ta’lim va biznesni uyg‘un olib borish imkoniyatlarini ko‘rsatdi.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida “e-kasb.uz” platformasi orqali yoshlarga onlayn kasb-hunar o‘rganish imkoniyati yaratildi. Platformaga viloyatdan 21 ta o‘quv markazi joylashtirilib, 3 500 nafar yosh targ‘ibot tadbirlariga qamrab olindi. Bu esa chekka hududlardagi yoshlar uchun ham teng imkoniyat yaratib, zamonaviy kasblarni masofadan turib egallashga xizmat qilmoqda.
Chet elda ishlash istagidagi yoshlar bilan tizimli ishlash maqsadida shtab tashkil etilib, kasb-hunar, chet tili va mehnat qonunchiligi bo‘yicha o‘quvlar yo‘lga qo‘yildi. Bu tashabbus yoshlarning noqonuniy migratsiya xavfini kamaytirish, ularni huquqiy himoya qilish va xorijda munosib mehnat faoliyatini yuritishiga xizmat qiladi.
Yirik ishlab chiqarish korxonalariga uyushtirilgan “Biznes sayohat”lar yoshlarning amaliy bilimini oshirdi. “Gold Agro Fresh” issiqxonasi, “ZIF TEKSTIL”, “Durdona Asila Angor”, “Imkon PM”, “BILLION school” kabi korxonalardagi jarayonlar bilan tanishish orqali yoshlar ishlab chiqarish zanjiri, boshqaruv va marketingni joyida ko‘rdi. Bu kabi tashriflar nazariy bilimni real amaliyot bilan mustahkamlab, yoshlarning kelajak kasbini ongli tanlashiga yordam beradi.
Shu bilan birga, 400 nafardan ortiq yoshlarga huquqiy savodxonlik, buxgalteriya hisobi, marketing, brending, bank va sug‘urta masalalarida beg‘araz konsalting xizmatlari ko‘rsatildi. Bu xizmatlar yosh tadbirkorlarning xatolarga yo‘l qo‘ymasligi, biznesni qonuniy va barqaror yuritishiga xizmat qiladi.
Yoshlarning bandligi — bu nafaqat shaxsiy daromad, balki jamiyatda ijtimoiy barqarorlik, jinoyatchilikning kamayishi va iqtisodiy o‘sish demakdir. Har bir muvaffaqiyatli yosh tadbirkor — yangi ish o‘rinlari, yangi g‘oyalar va yangi soliq tushumlari manbayi hisoblanadi.
Band yosh — bu o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan, Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan fuqarodir.
“Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi viloyat filiali tomonidan amalga oshirilgan ishlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning aniq va samarali modelini namoyon etmoqda. Kredit ajratishdan tortib, motivatsion marafonlar, onlayn platformalar, amaliy biznes sayohatlar va konsalting xizmatlarigacha bo‘lgan tizim yoshlarning g‘oyasini real natijaga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, bu tashabbuslar yoshlarni ish izlovchidan ish beruvchiga aylantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Demak, Surxondaryoda yoshlar tadbirkorligi — kelajak iqtisodiyotining mustahkam poydevoridir.

Otabek Abulqosimov,
“Yoshlar-kelajagimiz” jamg’armasi Surxondaryo viloyat filiali rahbari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Surxondaryoda kitob bayrami

Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlar qalbida mutolaa zavqini mustahkamlash...

Ramazon — ichki tinchlik, ma’naviy barqarorlikka yetaklaydi

Har yili musulmon dunyosi intiqlik bilan kutadigan Ramazon oyi...

Oqibatsiz qarindosh

Ma’muriy sudga arizachi Nigora Hasanova (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ariza bilan...

Tashabbus, tajriba va natija uyg‘un bo‘lsa…

Bugun yoshlar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik...
KunTun
KunTun