Surxonning  samarqandlik  o‘g‘li

Date:

Vatan o‘z farzandlarini matonati, sadoqati, shijoati va beorom qalblari uchun ardoqlaydi. Abdunazar Azimov — bu nom qumqo‘rg‘onliklar uchun g‘oyatda qadrli.

Hayotlik yillarida ezgu ishlari, mehr-oqibati, samimiyligi bilan ajralib turadigan bu insonni katta hurmat bilan eslashadi, tilga olishadi. Asli Samarqandning Narpay tumanidan bo‘lgan bu inson Surxondaryoda nom qoldirib ishladi, el nazariga tushdi. Oliygoh yo‘llanmasi bilan Denovning Hazarbog‘ xo‘jaligiga  texnika muhandisligi bo‘yicha ishga kirgan yosh mutaxassis qisqa vaqt ichida ishchanligi bilan el nazariga tushdi. Bu paytda Hazarbog‘ dovrug‘i butun mamlakatga yoyilgan xo‘jaliklardan biri sifatida tanilgan edi. Bu mutaxassis shunday jarayonda chiniqdi, toblandi, hurmat qozondi.

Qumqo‘rg‘onga ishga tayinlanganida Abdunazar Azimov hayot maktabini ozmi-ko‘pmi o‘tagan mutaxassis  bo‘lib yetishdi. Yangi tuman, yangi ish, yangi reja, yangi talablar Azimov uchun oson kechmadi. Dastavval, qishloq xo‘jalik texnikalar birlashmasiga rahbarlik qildi. Yangi boshliq eng avval xo‘jalikni yangi texnikalar bilan boyitish uchun yelib yugurdi. Jamoaga ishchan, tajribali mutaxassislar, chilangar,  kombaynchilar, traktorchilar,  payvandchilar jalb qilindi. Sobiq ittifoq paxta yakkahokimligi o‘z talablariga barchani birdek bo‘ysindirdi. Qishloq xo‘jaligida  tun-u kun halovat bo‘lmadi. Yosh rahbar oromidan kechdi. Mehnati, tashabbuskorligi bilan maqsadiga erishdi. Viloyatda birinchi bo‘lib Germaniyaning “Klass Dominator” konserni bilan hamkorlikda texnika parkini ochdi.

G‘alla o‘rish kombaynlari texnik mutaxassislari o‘quvini  tashkil qildi.  Kombayn operatorlari Qumqo‘rg‘onda malaka oshirdi. Ko‘p o‘tmay, Abdunazar Azimov  yuqori  rahbarlik idoralari  tavsiyasi bilan tumanda viloyat qishloq xo‘jaligi sohasiga xizmat ko‘rsatuvchi XATP—xo‘jalik hisobidagi yirik avtokorxona tashkil  qildi.

Yangi talablar,  majburiyatlar,  vazifalar….

Bularni osongina bajarib ketish qiyin edi. Ammo Abdunazar Azimov o‘zida kuch, g‘ayrat topa bildi, uddaladi, oqladi, ishondi.

***

— Men 40 yildan ortiq rahbarlik lavozimlarida ishladim, — deydi mehnat faxriysi O‘ral Xudoyorov. — Sohamiz yaqin bo‘lgani sabab turli tadbirlar, yig‘ilishlarda birga qatnashar edik. Samimiy, kamtar, ishchan bu insonni yaxshi eslayman. Bir gal viloyatdagi yig‘ilishlardan birida viloyatimizning o‘sha paytlardagi birinchi rahbari Jo‘ra Noraliyev taklifi bilan g‘alla o‘rish kombaynlari “Klass Dominator” konserni bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdagi faolligi uchun bir guruh mutaxassislarni davlat mukofotlariga nomzodlari e’lon qilindi. Ular orasida Abdunazar Azimov ham bor edi. Ro‘yxat o‘qib eshittirilayotganda Azimov uzr so‘rab: “Jo‘ra aka, e’tiboringiz uchun rahmat. Men bu mukofotni tun-u kun ishlayotgan oddiy chilangar Safar Abduxalilovga berishlikni iltimos qilardim. Nasib qilsa, bizga ham mukofot berilar”, dedi.  Zal qarsak bilan olqishladi.

Ammo nasib qilmagan ekan. Azimov hayotdan erta ketdi. Biz Abdunazar Azimov bilan ko‘p yillar birga ishladik. Oddiy texnik mutaxassisi Boybo‘ri Xoliqov aka-ukadek Abdunazar aka bilan oqibatli, inoq edi. Kimning to‘yi-tashvishi bo‘lsa, yelkama-yelka turardi, saxovatli edi.

Salim Mardonaqulov,

Bahodir AziZov,

jurnalist

 Qumqo‘rg‘on tumani

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ogohlik, bilim va mas’uliyat — eng muhim himoya

Bugungi kunda axborot texnologiyalari inson hayotining barcha sohalariga chuqur...

Sukut — daxlsizlik kafolati

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlariga oid normalarning bir necha...

Xalq manfaati dadillikka chorlaydi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hayotimizning...

Taraqqiyotning ma’naviy tayanchi

Diniy bag‘rikenglik – bu shunchaki turli din vakillarining yonma-yon...
KunTun
KunTun