Angor tumanida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari xavfsizligini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu maqsadda hududda tizimli va manzilli profilaktik ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, Angor tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Angor kelajagi” savdo kompleksi hududida yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar tashkil etildi. Tadbir davomida savdo majmuasida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi holati atroflicha o‘rganildi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul shaxslarga tegishli tushuntirishlar berilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish, yong‘in xavfsizligi vositalaridan samarali foydalanish hamda yong‘inlarning oldini olishga doir profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbirlar aholi va tadbirkorlik obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, moddiy zarar va inson talafotlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

