Hozirgi globallashuv va raqamlashuv sharoitida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari barcha sohalarga chuqur kirib bormoqda. Davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, moliya tizimi, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda fuqarolarning kundalik hayoti internet va elektron xizmatlar bilan uzviy bog‘liq holga keldi. Shu bilan birga, raqamli muhitda xavf-xatarlar ko‘lami kengayib, kiberxavfsizlikni ta’minlash masalasi davlat va jamiyat oldidagi ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Kiberxavfsizlik — axborot tizimlari, elektron resurslar, telekommunikatsiya tarmoqlari hamda shaxsiy va xizmatga oid ma’lumotlarga noqonuniy kirish, buzish, o‘g‘rilash, o‘zgartirish yoki yo‘q qilishga qaratilgan tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy va texnik chora-tadbirlar majmuasidir.
Kiberxavfsizlikni ta’minlash faqat texnik masala bo‘lib qolmasdan, axborot xavfsizligi madaniyatini shakllantirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, jamiyatda ishonchli raqamli muhitni barpo etishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda fishing usuli orqali shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish, zararli dasturiy ta’minotlar orqali axborot tizimlariga noqonuniy aralashuv, internet orqali firibgarlik va aldov yo‘li bilan fuqarolar mablag‘larini o‘zlashtirish hamda ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar orqali ishonchni suiiste’mol qilish kabi kibertahdid holatlari keng tarqalgan. Ushbu tahdidlar nafaqat alohida shaxslarga, balki davlat va jamiyat manfaatlariga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Kiberxavfsizlikni ta’minlashda davlat organlari bilan bir qatorda har bir fuqaroning ongli ishtiroki muhim ahamiyatga ega.
Fuqarolar shaxsiy va bank ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga oshkor qilmasliklari, shubhali havolalar, xabarlar va qo‘ng‘iroqlarga ishonmasliklari, axborot tizimlaridan foydalanishda qonunchilik talablariga amal qilgan holda litsenziyalangan va ishonchli dasturiy ta’minotlardan foydalanishlari, raqamli muhitda mas’uliyatli va ehtiyotkor bo‘lishlari lozim.
Kiberxavfsizlik — bugungi kunda milliy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va fuqarolar tinchligini ta’minlashning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Raqamli texnologiyalardan samarali va xavfsiz foydalanish uchun kibertahdidlarga nisbatan hushyorlikni oshirish, huquqiy madaniyatni shakllantirish va profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur. Har bir fuqaroning ongli munosabati jamiyat xavfsizligining mustahkam kafolatidir.
B.Abdualimov,
Surxondaryo viloyati IIB ATSJQKB xodimi

