Zamonaviy davlat boshqaruvi tizimida davlat rahbarining parlament va xalqqa murojaat qilishi strategik hujjat hisoblanadi. U bir vaqtning o‘zida hisobot, dastur, prognoz va mafkuraviy yo‘naltiruvchi vazifalarni bajaradi. Murojaatnoma — davlatning o‘z fuqarolari oldida ochiq hisobdorligini ta’minlaydigan, strategik maqsadlar va amaliy vazifalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib beruvchi muhim siyosiy instrumentdir. U orqali mamlakat yetakchisi nafaqat yil natijalarini sarhisob qiladi, balki kelgusi bosqichda jamiyat oldida turgan asosiy vazifalarni konseptual jihatdan belgilab beradi.
Prezidentimiz 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnoma yo‘lladi. Unda: “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik”, deya aniq va ochiq ifodalaydi. Bu fikr davlat boshqaruvida pragmatik yondashuv, institutsional samaradorlik va natijadorlikka asoslangan siyosat tamoyillari ustuvor bo‘lib borayotganini anglatadi. Ya’ni, islohotlar endilikda g‘oya sifatida emas, balki har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotida seziladigan o‘zgarish sifatida baholanmoqda. Bu natijalar shahar va qishloqlar qiyofasining o‘zgarishi, infratuzilmaning modernizatsiya qilinishi, raqamli xizmatlar rivoji, yangi ish o‘rinlari va ijtimoiy himoya tizimida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Mazkur Murojaatnomaning muhim konseptual jihatlaridan biri — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining global kontekstda tahlil qilinishidir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti ishonchli va barqaror o‘sishda davom etdi. Bu holat o‘lkaning makroiqtisodiy barqarorlik siyosati, diversifikatsiyalangan iqtisodiy model hamda ochiq tashqi iqtisodiy aloqalarga asoslangan strategiyasi to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini ko‘rsatadi.
Murojaatnomada keltirilgan iqtisodiy raqamlar yurtimiz taraqqiyotida sifat jihatdan yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatadi. Xususan, Prezidentimiz quyidagicha ta’kidlaydi: “Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz
145 milliard AQSH dollaridan oshdi”. Bu raqam nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki davlatning strategik rejalashtirish qobiliyati oshganini ham anglatadi. Chunki, murojaatda ta’kidlanganidek, bor-yo‘g‘i to‘qqiz yil oldin yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard AQSH dollariga yetkazish katta marra sifatida baholangan edi. Shuningdek, eksport hajmi 33,4 milliard AQSH dollariga yetgan bo‘lsa, oltin-valyuta zaxiralari
60 milliard AQSH dollaridan oshdi hamda xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard
AQSH dollarini tashkil qildi. Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiyotda ichki va tashqi ishonch mustahkamlanganini bildiradi.
Prezidentimiz tomonidan 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi va jinoyatchilikka qarshi kurash, xotin-qizlar va bolalar zo‘ravonligiga chek qo‘yish, iqtisodiyotni rivojlantirish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi. 2026-yil aynan mahallani rivojlantirishga bag‘ishlangani sababli, bu borada yangi dasturlar va mahalla raislariga ko‘proq vakolat berish kabi choralar ko‘riladi. Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, bozor munosabatlarini mustahkamlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirish rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Murojaatnomada 2026-yil uchun aniq ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Bu ustuvor yo‘nalishlar davlat siyosatida tizimli va uzviy yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi.
Bakir YO‘LDASHEV,
Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tuman Kengashi deputati

