Qay sohada faoliyat yuritmaylik, halol mehnat qilishga, jamiyatga, odamlarga nafimiz tegishiga intilamiz. Axir, beiz yashab o‘tmasligimiz kerak. Amalda ham buning ijrosini ko‘rsatishni istaymiz. Tabiatan sinchkov, kuzatuvchan ekanligim ishimda ham qo‘l keladi. Bir yarim yilki, Termiz shahridagi “Shodlik” mahallasi yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritaman. Yil boshida mahalla yoshlarini xatlovdan o‘tkazish bahonasida ularning nima dardi borligini o‘rgandim, qiziqishlari qanday… shulardan kelib chiqqan xolda ularga kerakli yordam berishni boshladim.
Afsuski, oramizda to‘rt muchasi sog‘, ishlayman desa tog‘ni talqon qilgudek norg‘ul yigitlarimiz bor-u, ammo ishsiz. Bunday holat jamiyatda boqimandalik kayfiyatini uyg‘otishi hech gap emas. Bizning vazifamiz esa ana shunday kayfiyat uyg‘onishiga yo‘l qo‘ymaslik. Aka-uka Qodir va Temur Tog‘aymurodovlarning ishsiz ekani ochiqlangach, ular bilan suhbatlashib, qiziqishlarini, imkoniyatlarini o‘rgandim. Qodirga 17 million, Temurga esa 60 million so‘m miqdorida “Biznesga birinchi qadam” loyihasi doirasida imtiyozli kredit ajratilishiga muvaffaq bo‘ldik. Akasi chorvachilik, ukasi oshxona biznesi bo‘yicha o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi. Joriy yilning o‘zida mahalladagi o‘nga yaqin yosh ushbu aka-ukalar singari o‘z tadbirkorligini boshlab, doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishdi.
Albatta, mahalladagi yoshlarni doimo kuzatib boraman. Ularning o‘z yo‘llarini topishida mening ham hissam borligi yanada jo‘shib ishlashimga, yangi g‘oyalar, tashabbuslar ko‘rsatishimga ilhom bag‘ishlaydi. Shu o‘rinda yana bir gap, yoshlar yetakchisi avvaliga maktabda, so‘ng mahallada faoliyat yurita boshladi. Har ikki joyda ham faoliyatim davomida amin bo‘ldimki, yetakchining mahallada imkoniyatlari kengroq ekan, yoshlarga ham ko‘proq yordam bera olar ekan. Hech bir ish qilmay ham oylik maoshingizni olib, vaqt o‘tkazishingiz mumkin. Yonib ishlash, odamlarga nafingiz tegishi mumkin bo‘lgan bir paytda nega endi jim turishimiz kerak?! Bizga imkon berildi, vakolat va imtiyoz berildi. Demak, boshqacha bo‘lishga haqimiz yo‘q.
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovi esa menga o‘xshagan yoshlar yetakchilarining ishini yuzaga chiqardi. Kim uchundir ibrat olish, kim uchundir esa namuna bo‘lish imkonini berdi. Men ham tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldim. Shukrki, poytaxtdan yuzim yorug‘ bo‘lib qaytdim. Tanlovda birinchi o‘ringa munosib ko‘rildim.
Surxondaryo atalmish chekka bir viloyatda qanday yoshlar borligini ko‘rsatib qo‘yganimdan quvonchdaman. Kelgusidagi maqsadlarim esa katta. Yoshlar bilan individual ishlagan holda ularni ta’limning keyingi bosqichlariga, kasb-hunarga jalb qilishni reja qilganman. Qolaversa, yigit-qizlarning xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qishini yo‘lga qo‘ysam, mahallamda faqat va faqat rivojlanish, o‘sishni kuzatasiz.
Ro‘zimurod Elomonov,
Termiz shahridagi “Shodlik” mahallasi yoshlar yetakchisi

