Prezidentimiz tashabbusi bilan ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiat musaffoligini asrash va yashil hududlarni kengaytirish maqsadida har yili ikki mavsumda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari amalga oshirilayotganidan xabardormiz. Qolaversa, siz-u biz ayni loyiha ishtirokchisi sifatida ezgu niyat ila ona vatanimizni bog‘-u bo‘stonga aylantirib, zaminga nihol qadayapmiz.
Viloyatimizda joriy yilning kuzgi mavsumi uchun ham daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazish ishlari boshlandi. Ushbu tadbirlarda bir necha yillik tajriba va sinovlardan kelib chiqib avvaldan tanlangan, tuproq va iqlim sharoitlariga mos hamda sug‘orish imkoniyati mavjud maydonlar ustuvor tarzda belgilab olindi.
Angor tumanida 10 million dona ko‘chat ekiladigan yashil belbog‘ loyihasi bo‘yicha viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida amaliy ishlar boshlab berildi. Har bir niholni munosib parvarishlash, nobud bo‘lmasligi choralari ham ko‘rilgani kishini quvontiradi.
— Yillar davomida shamolli kunlarda chang-to‘zon bosgan paytlar ko‘zimizni ocholmay qolganmiz, — deydi mehnat faxriysi Roziya Safarova. — “Yashil makon” loyihasida o‘tgan uch yil davomida o‘zimiz ham ishtirok etib, yerga qo‘ygan har bir niholimizni jon deb parvarish qilyapmiz. Bugun ko‘chat ekdik. Bu nafaqat tabiatga, balki kelajak farzandlarimizga bo‘lgan hurmatimizning ifodasidir. Bir daraxt — bir hayot degan gap bor. Biz ham hayot ekyapmiz, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ayniqsa, avtomagistral yo‘li bo‘ylab joylashgan, maxsus tayyorlangan maydonlar sug‘orish tizimi va zarur parvarish imkoniyatlari bilan ta’minlanadi. Mazkur loyiha orqali ekologik barqarorlikka erishish, havo tozaligini yaxshilash va changli shamollarning aholi va ekotizimga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsad qilingan.
— Yoshlar orasida ham ushbu loyiha keng targ‘ib qilinyapti, — deydi faol yoshlardan biri D.Bo‘riyeva. — Bugun o‘zimizning ko‘ngilli yoshlar jamoamiz bilan ko‘chat ekishga hissa qo‘shdik. Eng muhimi, ekib ketish emas, balki uni parvarishlash. Shu bois har bir yigit-qiz ekkan daraxti uchun shaxsiy nazorat daftarini yuritmoqda. Muddatli sug‘orish, o‘g‘itlash va kulfatlardan saqlash bo‘yicha reja ham ishlab chiqqanmiz. Yurtimizni yam-yashil qilish — avvalo, o‘zimizdan boshlanadi.
Shuningdek, mas’ullar ishtirokida viloyatda “Yashil makon” loyihasining joriy kuzgi mavsumidagi ishlar muhokama qilindi. Hudud va tarmoq rahbarlarining axborotlari tinglanib, ko‘chat ekish jarayonlarini sifatli va manzilli tashkil etish, ekilgan har bir ko‘chatning parvarishi uchun mas’ul biriktirish va alohida nazoratga olish topshirildi.
“Yashil makon” loyihasining har bir bosqichi nafaqat tabiatni ko‘kalamzorlashtiradi, balki xalqimizning ushbu ezgu amaliyot atrofida birlashganini ko‘rsatadi. Yurtning har bir fuqarosi — boladan tortib kattagacha — daraxt ekish jarayonida ishtirok etayotgani, ekilgan har bir ko‘chatning taqdiri uchun mas’uliyat sezayotgani quvonarli hol.
Bugun ekilgan nihollar ertaga yam-yashil bog‘larga aylanib, avlodlarga toza havo, soya-salqin maskan, ekologik barqarorlik va farovon hayot taqdim etadi. Voha ahli esa bu ezgu yo‘lda bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilishni davom ettirmoqda.
VILOYATning yashil belbog‘i bo‘ladi
Date:

