Bugungi kunda dunyoning qaysi taraqqiy topgan davlatiga nazar tashlamaylik, uning asosida ilm, ma’rifat va tarbiya yotadi. Bu jarayonlarning yuragi esa — o‘qituvchi va murabbiylardir. O‘qituvchi — jamiyatning ma’naviy yo‘lboshchisi, murabbiy esa yosh avlodning ma’naviy va axloqiy poydevorini barpo etuvchi shaxsdir. Shu bois ham, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning mehnatini qadrlash nafaqat burch, balki har bir fuqaroning mas’uliyatidir.
O‘qituvchi va murabbiylar farzandlarimizga nafaqat bilim beradi, balki ularni vatanparvarlik, insonparvarlik, halollik kabi fazilatlar ruhida tarbiyalaydi. Ularning har bir sabog‘i, aytgan so‘zi, qilgan ishi kelajak avlodning xarakterida iz qoldiradi. Shu ma’noda, ular nafaqat kasb egasi, balki kelajak jamiyat quruvchilarining tarbiyachilaridir. Bugungi islohotlar jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimi ularning mehnatini qadrlashning amaliy ifodasidir. Biroq eng katta ehtirom – bu ularning darsini, nasihatini tinglash, tajribasini qadrlash, ularni jamiyatda yuqori maqomga qo‘yishdir. Shunday ekan, kelajagimizni yaratib berayotgan, ezgulik urug‘larini ekayotgan o‘qituvchi va murabbiylar oldida doimo bosh egib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatishimiz kerak. Chunki o‘qituvchi va murabbiyga bo‘lgan ehtirom – bu ilmga, ma’rifatga va kelajak taraqqiyotiga bo‘lgan ehtiromdir.
Bugun dunyo taraqqiy etayotgan davlatlarga nazar tashlasak, ularning muvaffaqiyati zamirida ilm, ma’rifat va tarbiya turibdi. Bu jarayonning yuragi esa – o‘qituvchi va murabbiylardir. Ular nafaqat dars beradilar, balki kelajak avlodning dunyoqarashi, ma’naviyati va hayot yo‘lini belgilab beruvchi yo‘lboshchidir. Shu bois o‘qituvchini qadrlash – bu aslida kelajagimizni qadrlash demakdir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aynan shu soha – ta’lim tizimi va pedagoglarning nufuzini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 15-sentyabr kuni Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvi ham buning yorqin dalilidir. Unda o‘qituvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “O‘qituvchining mehnati davlat tomonidan munosib rag‘batlantirilsa, u yoshlarni bilimli, ma’naviyatli va yuksak intilishlarga ega qilib tarbiyalaydi. O‘qituvchi va murabbiylarni e’zozlash – bu aslida kelajagimizni e’zozlashdir”. Demak, o‘qituvchilik kasbi bugungi kunda nafaqat bilim beruvchi, balki jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy poydevorini barpo etuvchi ulug‘ kasb sifatida qadrlanmoqda. Prezidentimiz ilgari surayotgan tashabbuslar o‘qituvchilarning moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlab, kasbning obro‘sini yanada yuksaltirmoqda. Bu esa yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga, Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan barkamol avlod tarbiyalanishiga zamin yaratadi.
Abdusalim Kenjaboyev,
TerDU professori

