Shoirlibosidagi“Nasriddin”…

Date:

Odamzod dunyoga kelibdiki, hayotning turli jabhalarida, albatta, qiyinchiliklar va muammolarga duch keladi. Ular ba’zida insonni hatto jonidan ham to‘ydirib yuborishi hech gap emas.Bu kabi chigal holatlardan qutulish va yechim topishning yo‘llari ko‘p, ammo eng maqbuli — kayfiyatni kulgi orqali ko‘tarishdir. G‘alati eshitilsa-da, dunyoning deyarli barcha sohalarida, xoh u ilm-fan bo‘lsin, xoh biznes yoki adabiyot, bu olimlar tomonidan yillab izlanishlardan so‘ng aniqlangan fakt hisoblanadi. Ana shunday hazil ortida chuqur ma’no qoldirgan nodir iste’dod egasi G‘afur G‘ulomdir.
Zero, satira va yumor G‘afur G‘ulom faoliyatining ajralmas qismi edi. Bu haqida adibning shogirdi va eng yaqin do‘sti Said Ahmad shunday ta’kidlaydi: “Shoirlikni havas qilgan yoshlar G‘afur akadan she’r qandoq qilib yoziladi deb ko‘p so‘rashardi. Shunda G‘afur aka hazil qilib javob qaytarardilar: “She’r yozish uchun avval qo‘lni yaxshilab sovun bilan yuvish kerak”.
Umuman olganda, buyuk yozuvchi hazilni juda yaxshi ko‘rgan. Ayniqsa, she’r yozadigan kunlari sira jiddiy gap aytmaydigan va kechgacha hazilvon odamlar bilan suhbat quradigan inson ekanini uning yaqinlari bir necha bor tasdiqlab o‘tishgan. Shogirdlari adibdan nega bunday qilishini so‘rashganda, u jilmayib, shunday javob berardi: “She’r yozishdan oldin kallaga dam berish kerak. Kulgi-hazil dam olishning eng yaxshi usuli. Undan tashqari, kulgu shoirda yaxshi kayfiyat uyg‘otadi. Xursand bo‘lsam, misralar o‘z-o‘zidan toshib kelaveradi”. Bundan tashqari, G‘afur G‘ulom shunchaki hajvda kuchli bo‘libgina qolmay, mubolag‘a va qochirimda ham ustasifarang edi. Buning yaqqol misolini S.Ahmad qalamiga mansub “Jimjitlik” romanida ham ko‘rishimiz mumkin. Asarda yozilishicha, G‘afur G‘ulom, ikkiyuzlamachi bir raisni o‘zining kesatiq yashiringan harakatlari bilan boplab chuv tushiradi.
“Shum bola”ni mashhur asarga aylantirgan va hattoki, u haqida hozirgi kunga qadar sevimli bo‘lgan kinofilm ishlanishiga sabab bo‘lgan omil ham shu edi aslida, ya’ni shoir dunyoqarashidagi bolalarga xos beg‘uborlik va o‘zgacha hajviy yondashuv. Bir qarashda qulog‘iga gap kirmas va juda sho‘x Qoravoy obrazi orqali qilingan hazillar ortida aslida jamiyatning qanchalik botqoqlikka botib ketayotganligi chuqur tasvirlangan.
Shoir o‘zini Nasriddin obrazi bilan uyqash tasavvur qilganligini uning “Bizning uyga qo‘nib o‘ting, do‘stlarim” she’ridagi misralar ham tasdiqlaydi:

Har kitobdir oilamiz oftobi,
Tirsillaydi kutubxona shkafi.
Kimniki, deb so‘rsa mehmon arbobi
G‘afur degan bir Nasriddin kitobi,
Bizning uyga qo‘nib o‘ting, do‘stlarim.


Adib o‘zidan shunchaki asarlar emas, balki o‘qigan va eshitganda birvarakayiga ham kuldiradigan, ham kerakli hayot saboqlarini berguvchi buyuk meros qoldirdi.

Azimaxon Jo‘raqulova,
Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Qahramon”ning qiyofasi o‘zgarmoqda

Yurtimizda mahallalarni obod qilishga qaratilgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani”...

Yoshlar — ilm va innovatsiya chorrahasida

Yurtimizda Prezident tashabbusi bilan ta’lim, fan va ishlab chiqarish...

Mening hissam

Yoshlar orasida kitob o‘qish madaniyatini rivojlantirish, o‘quvchi va talabalar...

Adolat va halollik—bosh mezon

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan...
KunTun
KunTun