Bola ilk qadamlarini tashlab, dunyoni tanib borayotgan pallada, avvalo, ota-onasidan mehr topadi. Ammo bilim, ma’naviyat va hayotiy saboqlarni beruvchi, uni yuksak maqsadlarga yo‘naltiruvchi
shaxs — bu ustozdir. Sharqda qadimdan “Ustoz – otangdan ulug‘” degan hikmat bor. Ota farzandiga hayot hadya qilsa, ustoz unga to‘g‘ri yo‘l, toza qalb va nurli kelajak bag‘ishlaydi. Zero, yurtimizda ta’lim tizimini isloh qilish, zamonaviy sharoitlarda ustozlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Ustozlarning mehnati davlatimiz siyosatida ulug‘lanib, ularning sharafini joyiga qo‘yish bugunning eng muhim vazifalaridan biri sanaladi. Birgina samimiy so‘z, birgina ishonchli nazar o‘quvchini katta marralarga eltadi. Talaba-yoshlarning yuksak marralarni zabt etishida, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida ustozlarning roli beqiyosdir. Shuning uchun ham ular doimo alqovga, ehtiromga sazovor.
Bugungi kunda Muzrabot tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab ham ta’lim-tarbiyada ilg‘or tajribalarni tatbiq etib, yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashda muhim o‘rin tutmoqda. Ushbu maskanda bilim olayotgan o‘quvchilar respublika va xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalarda yuksak natijalarga erishyapti. Maktab jamoasi zamonaviy pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy qilish bilan bir qatorda, o‘quvchilarning ijodiy va intellektual salohiyatini oshirishga katta e’tibor qaratmoqda. Ayniqsa, ustozlar mehnati tufayli o‘quvchilar matematika, adabiyot, chet tillari kabi fanlardan yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotganligi so‘zimning isboti bo‘la oladi. Bu esa tumandagi ta’lim sifatining ortib borayotganidan dalolatdir.
Maktabda darsdan tashqari to‘garaklar, sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etilib, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlariga imkon yaratilmoqda. Shuningdek, kitobxonlik targ‘iboti, “Eng faol o‘quvchi”, “Eng namunali sinf” kabi tashabbuslar yoshlarni ilmga, intizomga va ezgu maqsadlarga chorlashi ko‘zlangan maqsadga yaqinligimizdan dalolatdir.
Ustozning chinakam baxti – shogirdining yutuqlaridadir. Kimdir fan doktori bo‘lsa, kimdir yetuk mutaxassis sifatida Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shsa, bu ustozlar fidoyiligining samarasi, mehnatlarining mevasi hisoblanadi. Ana shu shogirdlar orqali ustoz nomi yuksaladi, abadiyatga daxldor bo‘ladi. Bugun zamon yangilanmoqda, ta’lim jarayoniga ilg‘or texnologiyalar, raqamli vositalar kirib kelmoqda. Lekin ustozning yurakdan chiqqan so‘zi, samimiy duosi, insoniy ibrati hech qanday texnologiya bilan tenglasha olmaydi. Chunki ustoz qalbdan qalbga ko‘prik qo‘yuvchi ulug‘ siymo, ma’naviyat chirog‘ini yoquvchi buyuk zotdir.
Ustozni ulug‘lash – bu nafaqat bir insonni e’zoz-lash, balki kelajakka sarmoyadir. Zero, kelajak avlodni tarbiyalaydigan ham, jamiyatning ma’naviy yuzini belgilaydigan ham ana shu fidoyi insonlardir. Shunday ekan, bugun biz ustozlarni qadrlash, ularning mehnatini ulug‘lash, alqash orqali o‘zimizni ham ulug‘laymiz. Chunki ustozni hurmat qilgan yurt hech qachon yutqazmaydi.
Mirziyod Chorshanbiyev,
Muzrabot tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi