Har bir inson hayotida o‘qituvchining o‘rni beqiyos. Zero, inson savod chiqaradi, bilim oladi, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltiriladi. Bu ulug‘ burchni esa ustozlar ado etadi. Shu bois, xalqimizda: “Ustoz otangdan ulug‘” degan hikmat bejiz aytilmagan.Yurtimiz kelajagini yaratadigan yoshlar ana shunday bilimli, mustaqil fikrli bo‘lib kamol topishi uchun fidoyi ustozlarning xizmatini alohida ta’kidlash kerak.
Surxondaryoda ham shunday fidoyi o‘qituvchilar bor. Ularning biri — 31 yillik tajribaga ega, 1-toifali o‘qituvchi Shoira Boboqulovadir. Asli muzrabotlik Shoira opa yoshlikdan rus tili faniga mehr qo‘yib, Termiz davlat universitetini a’lo baholar bilan bitirdi. Shundan buyon butun mehnat faoliyatini o‘quvchilarga bilim berishga, ularni Vataniga sadoqatli, bilimli va intiluvchan avlod qilib tarbiyalashga bag‘ishlab kelmoqda.
Shoira opaning darslari faqat til grammatikasi yoki matn tahlili bilan chegaralanib qolmaydi. U o‘quvchilarga ilmiy izlanish, erkin fikrlash, o‘z fikrini asoslab aytish ko‘nikmasini ham singdiradi. Natijada uning ko‘plab shogirdlari nafaqat respublika olimpiadalarida g‘olib bo‘ldi, balki xorijiy oliy ta’lim muassasalariga ham qabul qilindi. Bu, albatta, ustozning mashaqqatli mehnati va fidoyiligining amaliy samarasidir.
Jamiyatda o‘qituvchi nafaqat bilim beruvchi, balki tarbiyachi, yo‘l ko‘rsatuvchi, mehr-muruvvat sohibi sifatida ham qadrli. Bugungi kunda yoshlarning ma’naviy barkamolligini ta’minlash, ularni turli yot g‘oyalardan asrashda ham ustozlarning o‘rni beqiyosdir. Shoira Boboqulova ham ana shunday o‘z kasbining ustasi sifatida nafaqat maktab, balki keng jamoatchilik orasida ham e’tibor va hurmatga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Shoira opa kabi ustozlar bugungi kunning haqiqiy qahramonlari. Zero, ular yurt ertasi bo‘lgan yoshlarni yuksak marralarga yetaklab, millat kelajagini yaratmoqda.
Madina Azimova,
Termiz shahridagi 26-sonli maktabning o‘qituvchisi