Xonjiza tomonlarda yoxud tog‘lar aro bir kun

Date:

Muborak hadisi sharifda: “Sayohat qilinglar, sog‘lom bo‘lasizlar”, deya marhamat qilinadi. Qolaversa, zamonaviy tibbiyotda ham sayohat qilishning inson salomatligi uchun foydali jihatlari ilmiy isbotlangan. Mutaxassislar inson nafaqat ob-havoni, balki kunda iste’mol qilinadigan ichimlik suvini ham vaqti-vaqti bilan almashtirib turishi kerakligini ta’kidlashadi. Ilm-fan xulosasiga ko‘ra, doimiy bir xil suv ichish buyrakda tuz yig‘ilishi va tosh hosil bo‘lishiga zamin yaratarkan; eslatma sifatida shuni ham aytishadiki, hech bo‘lmaganda, 10 kun muddatga boshqa hududning suvini ichishlik bilan, bir joyning suvi hosil qilgan tuz va toshni ikkinchi bir hududning suvi eritishga qodir ekan. Bundan tashqari, sayohat qilgan insonning kayfiyati juda yuqori bo‘ladi. Doimiy bir xillikdan chalg‘ish, manzilni o‘zgartirish, masalan, tog‘larga sayohat qilish kishiga beqiyos hayotiy zavq bilan birga, cheksiz huzur-halovat va baxtiyorlik hissini beradi.
Purviqor tog‘larning yuksak salobati, go‘zal va betakror tabiati, musaffo havosi kishini dunyo va hayot haqiqatini chuqurroq anglashga, teran fikr yuritishga undaydi. Rost-da, inson bu yuksakliklar poyida o‘zini go‘yoki bir mitti chumoli singari ojiz va kuchsiz his qiladi. Jismonan va iqtisodiy jihatdan qanchalik baquvvat bo‘lmang, Yaratganning cheksiz qudrati oldida insoniy kuch-quvvat ojiz qoladi.
Tog‘ yonbag‘ri, adirlar va soylar bo‘yi, cho‘qqilar va yassiliklar uzra epkinlarning nozli erkalashidan mastona chayqalib turgan shifobaxsh, faqat tog‘lardagina uchraydigan, bizlar nomini-da yaxshi bilmaydigan giyohlarning ifori dimoqqa uriladi. Bu giyohlar turfa xil; birining hidi yoqimli bo‘lsa, birining ko‘rki kishini hayratga soladi. Shu asnoda Yaratganning buyuk san’atiga, yaratiqlarining sehrli jilosiga tasannolar aytib, tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lasiz. Tanangiz va ruhingiz bu go‘zallik va musaffolikdan yayraydi. Qor va muzliklardan hosil bo‘lgan, billurday shaffof, toshdan toshga urilib pishib, pishqirib oqib kelayotgan daryo suvi o‘z tilida, bizga notanish notada kuy chaladi, qo‘shiq ijro qiladi. Bu shunchalar jozibaliki, tinglagan sayin tinglaging kelaveradi. Musiqasi betakror, u dunyoda inson tomonidan yaratilgan biror kuy-ohangga o‘xshamaydi. So‘zlari sehrli, musiqasi sirli. Bu ohangni faqat suvning sho‘x, o‘ynoqi, shoshqaloq harakatigina hosil qila oladi. Qaynoq janub quyoshi butun borliqni ayovsiz qizdirayotgan, oftob tig‘ida tovada tuxum pishirsa bo‘ladigan, jazirama issiqqa qaramasdan, tog‘lar orasidan oqib kelayotgan muzday daryo suvi badanni junjiktiradi, miyangizning eng mudroq puchmoqlarini-da uyqudan uyg‘otib yuborishga qodir bir sirli tilsimot. Qaniydi, vohadagi hamma, nafaqat voha, balki respublikamiz aholisi, butun dunyo sayyohlari kelib, bu go‘zalliklarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsalar edi, deya barchaga yaxshilik sog‘inasiz. Axir, O‘zbekistonimizning o‘zida, “Surxondaryo bir cho‘l va adirliklardan iborat voha”, deb xato o‘ylab yurganlar qancha. Shularni xayoldan o‘tkazarkansiz, “Keling, bizning tabiatimizni, mo‘jizakor, purviqor tog‘larimiz saltanatini bir ko‘rib qo‘ying!” degingiz keladi.
Prezidentimiz bejiz ichki va tashqi turizmni rivojlantiraylik deb jon kuydirayotgani yo‘q. Buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Zero, shu vohada yashab, haligacha Omonxona hamda G‘o‘rimbuloq shifobaxsh buloqlari, Ko‘hitang va Bobotog‘ tog‘lari, Xonjiza tabiati va Sangardak sharsharasi go‘zalliklaridan bebahra yurganlar qancha?! Qolaversa, hayot tashvishlariga mukkasidan sho‘ng‘igan odamlar hech bo‘lmaganda bir kungina bo‘lsa ham tashvishlardan holi, go‘zal va bahavo maskanlarga oilaviy yoki tashkilot xodimlari bilan birgalikda sayohat qilishsa, bu ularning salomatligi uchun koni foyda emasmi?
So‘nggi yillarda yurtimizda turizm ancha rivojlandi. Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ichki va tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida sayyohlik firmalariga bir qator imtiyoz va subsidiyalar berilmoqda. Albatta, bu o‘z natijasini bermoqda. Bunga javoban tadbirkorlik subyektlari tomonidan xorijlik turistlarni mamlakatimizga keng jalb etish maqsadida turli xil ko‘ngilochar maskanlar barpo etilmoqda.
Sariosiyo tumanidagi tog‘li Xonjiza qishlog‘ida joylashgan “Xonjiza siti” MCHJ tomonidan 2024-yilda ishlab chiqilgan loyiha asosida tog‘ oralig‘ida qurilishi boshlangan turizm maskani hali to‘la ishga tushmagan bo‘lsa-da, bugungi kunda sayyohlar oqimining ortishiga sabab bo‘lmoqda. Umumiy qiymati
5 million AQSH dollarilik ushbu loyihaning 30 foizi miqdorida, taxminan 1 million AQSH dollariga yaqin mablag‘ sarflanib, hududda o‘ndan ziyod zamonaviy chayla, yog‘och uychalar qurilib, foydalanishga topshirildi. Viloyatimiz uchun yangilik bo‘lgan ziplayn uskunasida amalga oshiriladigan harakat insonga xuddiki osmon-u falakda sayr qilayotgan qush parvozi zavqini berishi bilan qiziqarli. Osmonga qush kabi parvoz qilish insonning azaliy orzularidan biri bo‘lib kelgan. “Xonjiza city” MCHJ tomonidan ikki tog‘ tizmasi oralig‘ida o‘rnatilgan po‘lat simlar uzra uchish bir necha daqiqa bo‘lsa-da, insonga ana shunday qush parvozi zavqini beradi.
“Xonjiza city” MCHJ rahbari Mahmud Odinayevning aytishiga qaraganda, ushbu loyihani amalga oshirish g‘oyasi oila boshlig‘i Ahmad Odinayevdan chiqqan ekan. Ushbu istiqbolli loyiha haqida o‘rtaga tashlangan g‘oya barcha oila a’zolariga ma’qul keldi. 6 aka-uka o‘zaro hamjihat bo‘lib, loyihani amalga oshirishga astoydil bel bog‘lashdi. Ayni paytda loyiha qiymatining 30 foizi ishga tushib turgan bir paytda sayyohlar oqimining ortishi, to‘g‘ri qaror qabul qilinganligidan dalolat beradi. Turizm maskanida hozirgi kunda bir necha turdagi pullik xizmat yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Olis tog‘ qo‘ynida shuncha ish o‘rni yaratish kishidan ulkan salohiyat va katta jasorat talab qiladi.
— Kelgusi rejalarimiz ulkan. Yaqin kelajakda yana qo‘shimcha mablag‘ ajratib, ushbu tog‘ cho‘qqilarida 100 metr balandlikda sun’iy sharshara hosil qilish niyatimiz bor. Bundan tashqari, balandligi 5-10 metr, 4 kilometr uzunlikdagi kanat qurilishi loyihasini amalga oshirmoqchimiz. Ayni paytda kattalar va bolalar uchun ziplayn — po‘lat sim dori, chayqaluvchi osma ko‘prik va boshqa xil xizmat turlarimiz bor. Yurtimiz va chet eldan tashrif buyurgan sayyohlar yaratilgan imkoniyatlardan mamnun bo‘lishmoqda. Qo‘shni Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan tashrif buyuruvchi sayyohlar soni kun sayin ortmoqda. O‘ylagan barcha rejalarimiz amalga oshadigan bo‘lsa, sayyohlar oqimi yanada ko‘payadi. Bu ayni paytda yurtimizga xorijlik sayyohlarning qiziqishini oshirishi tabiiy, — deydi “Xonjiza city” MCHJ rahbari Mahmud Odinayev.
Tahririyatimiz xodimlarining “Xonjiza city” MCHJda yaratilgan sharoit hamda sayohatdan olgan taassurotlari bilan qiziqdik.
— Sayohatimiz nihoyatda maroqli bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, havoda harakatlanadigan ziplayn uskunasi borligi mening sayohatga bo‘lgan qiziqishimni yanada oshirdi, — deydi “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyati kadrlar va ijro intizomi bo‘yicha mutaxassisi
M. Choriyeva. — Taxminan, 100 metr balandlikda po‘lat trossda 1 kilometr masofada katta tezlikda harakatlanadigan osma o‘rindiqda sayr qilish biroz qo‘rqinchli bo‘lishi bilan bir qatorda, inson umri bo‘yi his qilmaydigan hissiyotlarni berishi bilan qiziqarli. 100 metr balandlikda yakka sayohat qilish, baribir, kishiga o‘zgacha zavq, takrorlanmas hissiyot beradi. Uchish asnosida inson hatto qo‘rqinch hissini sezishga ham ulgurmay qolarkan. Hammasi ko‘z yumib ochguncha, bir necha daqiqa ichida sodir bo‘ladi. Eng muhim omil, “Xonjiza city” MCHJ mutaxassislarining ushbu uskuna bir necha oy mobaynida 500 kilogramgacha bo‘lgan vaznli yuk bilan qayta-qayta maxsus tekshiruv va texnik sinovdan o‘tkazilganligi haqidagi ogohlantirishlari bizga tasalli berdi. Albatta, bunday balandlikda insonlarning xavfsizligini ta’minlash juda ham muhim.
“Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyati muxbiri Dinara Qo‘zimurodova: “Jamoamiz bilan qilgan bu galgi sayohatimiz taassurotlarga boy bo‘ldi. O‘zim uchun Xonjiza tabiatini, osmonini kashf qildim. Ziplaynda uchish insonga adrenalin berarkan. Inson balandlikda oldindan his qilgan qo‘rquvlarini unutarkan. O‘zimga bo‘lgan ishonchim yana ham yuksaldi. Sayyohlar uchun bu maskanda ko‘plab qulayliklar yaratilganligi menga ma’qul keldi. Qozon-o‘choq, kosa-tovoq, hattoki o‘tin ham bor. Barcha sharoit muhayyo qilingan. Xizmat narxini kelishsangiz, oshpazlar o‘zi ovqat pishirib berishadi. Bu ayniqsa, kundalik oshxona yumushlaridan bezgan biz kabi uy bekalariga qo‘l keladi. Rosti, viloyatimizda shunday go‘shalar borligini tasavvur ham qilmagandim. Tashkilotchilarga rahmat deyman. Mening shaxsiy taklifim: xizmat ko‘rsatuvchi firma tomonidan narx-navolar yana bir karra o‘ylab ko‘rilsa, sayyohlarga ancha yengillik bo‘larmidi”.
“Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyati Kasaba uyushmalari raisi Dildora Vohidova: “Termiz shahridan to manzil — Xonjizagacha bo‘lgan oraliq masofada shaxsiy xavfsiz-ligimizni ta’minlagan “TERMIZ-TAXI-TRANS” MCHJning tajribali haydovchilariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Zamonaviy, barcha qulaylikka ega mikroavtobus uzog‘ingizni yaqin qiladi. Ishchi va xizmatchi-larimizning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanish, ko‘ngilochar manzillarda madaniy hordiq chiqarish maqsadida tahririyat rahbariyati bilan hamkorlikda amalga oshirgan sayohatimiz g‘oyat sermazmun bo‘ldi. Tahririyatimiz xodimlari Kasaba uyushmasining ish beruvchi bilan hamkorlikda uyushtirgan sayohatidan mamnun bo‘lishdi. Bu kabi sayohatlar xodimlarimizning ishdan bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalangan holda ko‘ngilli hordiq chiqarib, kelgusida ko‘tarinki kayfiyat va kuch-quvvat bilan mehnat qilishlari uchun rag‘bat beradi desak, xato bo‘lmaydi”.
Sayohat paytida “Xonjiza city” MCHJ hududida sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida kuzatuv ishlarini olib borayotgan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i mayor Farrux Qodirov, mayor Sabina Jo‘rayeva va kapitan Akbar Mavlonovni uchratib qoldik. Ular ish jarayonida sayyohlar, turizm maskani rahbariyati hamda xodimlariga zarur tushuntirish ishlarini olib borishayotganligiga guvoh bo‘ldik.
— Shu va shu kabi turistik maskanlarga tashrif buyuruvchi sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, turizm jozibadorligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish maqsadida Sariosiyo tumanidagi “Xonjiza city” MCHJ turistik markazida o‘rganish ishlarini olib bordik. O‘rganish davomida, tashrif buyuruvchi sayyohlarning shaxsiy xavfsizlik qoidalari va belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishlari yuzasidan mutasaddi mas’ullarga tegishli tavsiya va tushuntirishlar berib o‘tildi, — deydi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i mayor Farrux Qodirov.
Sayohatimizni kunning ikkinchi yarmida Sangardak sharsharasida davom ettirdik. Kun issiq emasmi, sharsharaning atrofi tumonat odam, yorib yurib bo‘lmaydi. Go‘yoki butun viloyat ahli shu yerda jamlangandek. Hamma go‘yoki sehrlangan-u, sharsharaning betakror jilosiga termilib, hayratdan qotib qolgandek. Oilaviy, jamoaviy, o‘zaro do‘st-birodalar guruh-guruh bo‘lib sharshara atrofida esdalikka suratga tushishadi. Sharshara go‘yoki kamalakdek, xuddi atlas matosidek jilolanib tog‘ bag‘ridan duv-duv quyiladi. Ko‘zga ko‘rinmas suv zarralari yuz-u ko‘zingizga, vujudingizga urilib, ajib bir huzur bag‘ishlaydi.
Sangardak sharsharasi bugun butun dunyoga mashhur. Yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik sayyoh borki, sharsharaga bir kelib ketadi. Ammo afsuski, gohida ko‘ngilni xira qiladigan manzaralar ham ko‘zga tashlanib qoladi. Sayyohlar oqimi ko‘paygani sari sharshara atrofida chiqindi tashlash holatlari kuzatilmoqda. Tabiiyki, bu sayohatchilarning ta’bini xira qiladi. Albatta, bu kabi salbiy illatlar borasida “Sangardak” MFY ma’murlaridan jinday e’tibor, aholidan esa shaxsiy madaniyat talab qilinadi.
Qissadan hissa, sirli va sehrli voha bo‘lmish – Surxondaryo bugun butun dunyoga o‘z bag‘rini ochmoqda. Ko‘hna va qadimiy vohaning sir-asrorlari, boy madaniy merosi, tarixiy o‘tmishi va turizm salohiyati bugungi kunda keng afkor omma tomonidan e’tirof etilib, dunyo e’tiborini o‘ziga jalb qilmoqda. Viloyatimizda hali dunyoning “manaman” degan mo‘jizalariga tenglasha oladigan, e’tiborga molik qanchadan-qancha sirli maskanlar bor. Faqat haligacha ushalmay turgan rejalarimizni amalga oshirib, orzularimizni haqiqatga aylantira olsak, marra bizniki bo‘ladi. Ana shundagina dunyo ahli bizning huzurimizga o‘zi keladi.

Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Maromiylik” tadbirlari boshlandi

Denov tumanining “Yangi hayot” mahallasida Oila va xotin-qizlar bo‘limi,...

Qarovsiz bog‘ sayilgohga aylanadi

Surxondaryoda yangi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarining ishga tushirilishi...

Loyihalar yanada takomillashtiriladi

Surxondaryoda Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik "To‘palang" suv...

Tibbiy va huquqiy maslahat bermaydi

OpenAI kompaniyasi ChatGPT chat-botidan foydalanish shartlarini yangilab, foydalanuvchilarga huquqiy...
KunTun
KunTun