Surxondaryoning tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish va turizm obyektlarini barpo etish maqsadida Boysun tumanida umumiy maydoni 220,5 gektarni tashkil etuvchi yer uchastkasini qamrab olgan “Omonxona” turistik markazini barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifini Boysun tumanida davom ettirib, “Omonxona” sanatoriysi va hududdagi turizm markazi uchun ishlab chiqilgan master reja bilan tanishdi. Sanatoriyning mavjud sharoitlari o‘rganilib, bu yerda dam olayotgan nuroniylar bilan muloqot qilindi. Mutasaddilar tomonidan turizm markaziga oid master rejaning texnik-iqtisodiy asoslari, joylashuv xaritasi va rejalashtirilayotgan obyektlar haqida ma’lumot berildi.
Tashrif doirasida yer maydonlarini loyihalar asosida lotlarga ajratib, auksion savdolariga chiqarish, shuningdek, sanatoriy infratuzilmasini yanada yaxshilash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, “Sayrob” mahallasida qurilayotgan “Sayrob” madaniyat markazi binosidagi qurilish ishlari holati ko‘zdan kechirildi. Obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari cho‘zilib ketgani tanqid qilindi va bir hafta muddatda loyihani to‘liq yakunlab, foydalanishga topshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.