Buyuk ajdodlarimizning munosib vorisi, Termiziylarning davomchilaridan, yurtimiz qahramonlaridan, xalqimiz duogo‘ylaridan bo‘lgan bugungi kunda ulug‘ yuz yoshni qarshi olayotgan, nuroniy, samimiy kamtar, saxiy inson, bir umr xalq xizmatiga kamarbasta bo‘lib kelgan, el-u yurtimizning vijdoniga aylangan mo‘tabar zot shayx Sayyid Nosirxon eshon boboning umr yo‘llari haqida fikr bildirmoqchiman.
Zahmatkash bog‘bon to‘g‘risida ko‘plab O‘zbekiston xalq yozuvchilari va shoirlari, olim-u fuzalolari, adib-u akademiklari qanchadan-qancha kitoblar, maqolalar yozishgan. Shunday ekan, men ham eshon bobom haqlarida yozishga kirishar ekanman, avvalo, qalbimda faxr-iftixor bilan qo‘limga qalam olishga undagan narsa — yoshligimdan eshon bobo to‘g‘risida otamdan eshitgan voqealar sababchi bo‘ldi…
Ulug‘ eshonlardan valiy muttaqiy zotlardan Shayx murshid piru komil Sayyid Nosirxon To‘ra hazratlari diniy ham dunyoviy ilmlar mujassamlashgan ulug‘ zotlardan, nasl-u nasabda payg‘ambarimiz avlodlaridan hisoblanib, tariqatda Silsilayi Xojagon Naqshbandiya — Bahouddin Naqshbandiyning yo‘llari Eshoni Qurbonjon Boysuniydan nasiybador bo‘lib, xatti irshod olib bog‘lanadilar. Hamisha parhezkor, taqvodor, ibodatli, ilm-u ma’rifatda doim tillarida zikr-u vird, tasbeh-u tahlil, salovotlar bilan qalblarini bog‘laganlar. Naqshbandiy ta’limotiga amal qilib, “Dast bakoru dil ba yor”, ya’ni qo‘ling mehnatda, qalbing Allohda bo‘lsin degan shiorni hayotlariga bosh me’zon deb bilganlar.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan yillar Nosirxon To‘raqulov Surxon vohasining tog‘li Sariosiyo tumanidagi Tog‘chi qishlog‘ida lalmi suvsiz adirliklarida fermer xo‘jaligi tashkil qilib, yaxshi niyatlar bilan unga “Bog‘u bo‘ston” deb nom beradilar. Shijoatli, qo‘li ochiq, mehnatsevar Nosirxon Eshonbobo 300 gektar suvsiz adirliklarga suv chiqarib, bog‘lar barpo qildilar, hozirda turli sarxil mevali daraxtlar ekib, xalqimiz dasturxoniga yetkazib bermoqdalar.
Hukumatimiz tomonidan kamtarona mehnatlari munosib topilib, davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lib, “Prezident sovg‘asi” bo‘lgan avtomashinani qo‘lga kiritdilar.
Sayyid Nosirxon To‘ra hazratlari bog‘dorchilikdan tushgan daromadlarni muruvvat uylariga, yetim-yesirlarga, ijtimoiy himoyaga muhtojlarning sunnat to‘ylariga, el-u xalqqa dasturxon yozib, har yili tut sayllari o‘tkazib, Navro‘z bayramlari, Ramazon va Qurbon hayiti bayramlari arafasida yanada saxovatlari ortib, mahalla-ko‘ydagi ehtiyojmandlarga xayr-ehson qilib, mushkullarini oson qiladilar. Ulug‘ yoshda ham o‘zlarining beminnat nasihatlarini, pand-u o‘gitlarini yoshlarga, shogirdlariga, farzand va nabiralariga berishdan charchamaydi. Eng qizig’I, “beshikdan to qabrgacha ilm izla” degan naqlga amal qilgan holda kitob mutolaasini kanda qilganlari yo‘q.
“Yaxshi Insondan bog‘ qoladi” deganlari shu bo‘lsa kerak. Ha, mehnatkash inson, bilimli va fidoyi bog‘bon Nosirxon ota xalq farovonligi, Vatan ravnaqi yo‘lida o‘zlarining hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. “Toqchi” qishlog‘ida o‘z homiyligida yangi maktab qurib berganlar. Shu narsani ta’kidlab o‘tish kerakki, saxiylik bobida Hotami toydan qolishmaydigan Nosirxon ota mahallada ko‘priklar qurish, yo‘llarni asfaltlash, toza ichimlik suvi chiqarish, gaz tarmoqlarini o‘tkazish va boshqa qanchadan-qancha xayrli ishlarga bosh bo‘lganliklarini butun xalq e’tirof etib keladi. Ayniqsa, yangi masjid binosini barpo etishda, eshon boboning xizmatlari beqiyosdir.
Har safar bu insonning ziyoratlariga borganimda, qalbim to‘la bir zavq-u shavq bilan qaytaman. Boboning ibratli pand-u nasihatlari, purma’no fikrlaridan bahramand bo‘laman, bu manzil ilm manzili, ulug‘ manzil, bu manzilga kelgan kishi quruq ketmaydi, ham jismoniy, ham ma’naviy ozuqa olib ketadi. Eshonboboning mehmondo‘stliklarini, ilm ahllariga mulozamatlarini qancha tavsif qilsak kam.
Bunday ulug‘ zotlar yuz yilda bir bor tug‘ilsa kerak. Hamisha yaxshilikka chorlovchi, vatanga muhabbat, ona zaminga hurmatga undovchi fikrlar bilan so‘zlovchi, yetti o‘lchab bir kesuvchi, chin ma’noda noyob xislatlar egasi Nosirxon To‘raqulovning zahmatli, ammo sharaflarga burkangan hayot yo‘li barchamiz uchun ibrat maktabidir. Ha, bu mehnatkash inson chin ma’noda yoshlarga ibrat bo‘ladigan zamonamiz qahramonidir.
Muhammadsharif Mahmudzoda

