Matbuot va ommaviy axborot vositalari aholining hayotida naqadar yuqori ahamiyatga egaligiga jurnalistika sohasidagi ijodiy faoliyatim davomida ko‘p marta angladim. Hali o‘quvchiligim paytidayoq bu sohaga qiziqib, tuman gazetasi tahririyatiga kelib, jurnalishtlar bilan o‘zaro suhbatlashish asnosida soha bo‘yicha dastlabgi ko‘nikmalarni o‘rgandim. Qishloq xo‘jaligi, turizm, qurilish, sport sohalaridagi yutuqlar haqida xabar va maqolalar yozdim. Ular gazeta sahifalarida nashr etildi. Esimda, “Bosh muxbirimiz” rukni ostida qo‘sh xabarim chop etilgandi.
Yoshligimdanoq yondaftarimga ko‘nglimda kechayotgan his-tuyg‘ularimni yozardim. U kunlarning shuhrati, shukuhi menga katta ijodiy jarayonga eshik ochdi. Ijodiy faoliyatim davomida ko‘p qiziqarli, mazmunli voqealarni boshimdan o‘tkazdim. Ularni eslash bugungi ish faoliyatim qizg‘in kechayotgan damlarda zavqimni oshiradi.
Kun kelib, ana shu qiziqish hayotimning mazmuniga, sevimli ish faoliyatimga aylandi. Kasbimdan zavq oldim, faxr-iftixor syezdim. Albatta, ommaviy axborot vositalarining aholi hayotida zarurligi, ularni kerakli axborot bilan ta’minlab, immunitetimizni rivojlantirishda katta o‘rin egallaydi. Matbuot bilan hamkor, hamfikr bo‘lish ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy jarayonlardan xabardorlik, dunyoqarashni kengaytirishga, zamon bilan hamnafas bo‘lishga yordam beradi.
Ayrim soha vakillari “yuqori tashkilotlarimiz bizdan gazetada maqolangiz chiqdimi, deb so‘rayapti. Bizga maqola chiqarishimiz kerak”, deb murojaat qilishadi. Biz ularning maqolasini chop etyapmiz. Obuna haqida gapirganimizda esa sukunat. Shu o‘rinda yana bir gap, bozor iqtisodi sharoitida mutaxassislarning ish haqi oshirilmoqda. Avvalgiga qaraganda mo‘may oylik maosh olyapti. Biroq bir taajjublanarli jihati: ishi, turmushi, farzandlarini tarbiyalash uchun gazetaga to‘lov qilib, oilasida muntazam gazeta o‘qishni, yangiliklardan xabardor bo‘lishni istashmayapti. Gazetaga obuna bo‘lish sur’ati pasayganligi uchun umumiy summa kamaydi. Oqibatda adadi kamayib, davriyligi ham siyraklashmoqda. Obunachilar va tahririyat o‘rtasida moddiy munosabatlarning yetarlicha bo‘lmayotganligi oqibatida aholiga axborot yetkazib berishdagi eng qulay va qudratli vosita gazetaning iqtisodiy kuchi kamaydi.
Matbuot va ommaviy axborot vositalari barcha uchun mahoratini rivojlantiradigan dargoh. Ular bilan hamkorlikda ishlash, mutolaa qilish, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi materiallar bilan tanishib borish, saviyamizni oshirish mumkin. Shunday ekan, iqtisodiy emas, ma’naviy foydani o‘ylaylik.
Nurmuhammad MUHAMMADIYEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi

