Respublikamizning ba’zi hududlarida maxsus maktablar hamda internat maktablarda tahsil olayotgan imkoniyati cheklangan bolalar uchun imtiyozli taksi xizmati joriy etildi. Mazkur pilot loyiha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi tomonidan Yandex Uzbekistan hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida imkoniyati cheklangan o‘quvchilar taksi orqali o‘quv muassasasiga xavfsiz va qulay tarzda qatnashlari mumkin bo‘ladi. Transport xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi — har bir bola uchun oyiga 1,2 barobar miqdoridagi asosiy hisob-kitob ko‘rsatkichgacha (450 ming so‘m) kompensatsiya ajratiladi. Imtiyoz shartiga qarab, yo‘l haqining 60 yoki 100 foizi qoplanishi mumkin.
Loyihada mustaqil harakatlanishda qiynaladigan bolalar — ko‘rish imkoniyati cheklangan, tayanch-harakat tizimi kasalliklari yoki og‘ir aqliy nuqsonlarga ega bolalar ishtirok etishi mumkin. Imtiyoz taqdim etishning batafsil shartlari 2025-yil 28-fevraldagi 132-sonli «Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida»gi qarorda belgilangan.
Sifat nazorati va tezkor fikr almashishni Milliy agentlik huzuridagi «Axborot texnologiyalari markazi» davlat muassasasi qoshidagi koll-markaz amalga oshiradi. Ushbu dastur — har bir bola maktabga xavfsiz va qulay yetib borishi mumkin bo‘lgan, barcha uchun mos shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan muhim qadamdir.