Yo‘llar ravon bo‘lsa, kishi o‘z manziliga tezlikda, bemalol yetib oladi. Aksincha, yo‘l azobi, mashaqqatlari esa har qanday odamni qiynab qo‘yishi tayin. Buni uzoq yillar mobaynida nosoz yo‘llardan o‘tib yurgan odamlar juda yaxshi bilishadi. Hozirda hayotning quvonch-u tashvishlari, turli ish, yumush bilan yo‘lga chiqqanimizda davlatimiz rahbarining nosoz yo‘llarni qayta qurish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosiga guvoh bo‘lamiz. Xususan, Surxondaryo viloyatida ham yo‘l qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bugun o‘z samarasini beryapti. Jumladan, joriy yil yakuniga qadar viloyatni boshqa hududlar bilan bog‘lovchi xalqaro va davlat ahamiyatidagi hamda ichki xo‘jalik yo‘llarining qariyb 760 kilometr qismida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Xususan, M41 “Bishkek – Dushanbe – Termiz” avtomobil yo‘li bilan Termiz daryo portini birlashtiruvchi 75V020 (4K600) “M41 avtomobil yo‘li (1618 km.dan) — Manguzar q. — Daryo porti.” avtomobil yo‘lining 2–4-kilometr qismlari oralig‘ida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilyapti. Mazkur yo‘lning asosiy qismini qayta qurish, ya’ni, ustki birinchi qatlamiga asfalt qoplamasini yotqizish, yoritish chiroqlarini o‘rnatish va piyodalar yo‘lakchasini qurish ko‘zda tutilgan.
Ushbu obyekt O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 24-dekabr kuni qabul qilingan “2025-2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-454-sonli qaroriga asosan investitsiya dasturiga kiritilgan. Bu yerda korxonamiz tomonidan rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur avtomobil yo‘lida piyodalar yo‘lakchasini qurish hamda suv qochirish ariqchalarini yotqizish ishlari amalga oshirildi. Obyektning hozirgi kunda 2,6 kilometr qismiga asfalt qoplamasini yotqizish ishlari amalga oshirildi. 800 metr qismida esa asfalt qoplamasini to‘shash uchun yer ishlari amalga oshirilmoqda. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida ushbu avtomobil yo‘li joriy yilning ikkinchi chorak yakuniga qadar to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshiriladi — deydi, “Grand sohil baraka” MCHJ muhandisi Bahriddin Qobilov.
Termiz shahri hududidagi D025n (4R23n) “Termiz daryo portiga (1458 km.dan)” — M39 “Almati—Bishkek—Toshkent—Shahrisabz—Termiz” avtomobil yo‘lining 3–6-kilometrlari oralig‘ida doimiy ravishda avtotransport vositalari hamda piyodalar serqatnov bo‘ladi. Haydovchilar yo‘lning torligidan, yayov yuruvchilar esa piyodalar yo‘lakchasi yo‘qligidan haqli ravishda e’tiroz bildirishar edi. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun amaliy ishlarga qo‘l urildi.
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida D025n (4R23n) “Termiz daryo portiga (1458 km.dan)” avtomobil yo‘li ta’mirga tushgan. Uning 3,5 kilometr qismida ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Hozirga qadar shuning 2 kilometr qismi ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 1 kilometr qismida ham ta’mirlash ishlari deyarli tugab qoldi, 500 metr qismida esa jarayon davom etmoqda. Ushbu avtomobil yo‘lida harakat jadalligi 14 mingdan oshib ketganligi sababli harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2025 yilning 2-chorak yakuniga qadar ta’mirlash ishlarini to‘liq yakunlashni reja qilganmiz. Hozirgi kunda ushbu obyektda 30 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tomonidan 20 dan ortiq maxsus texnika va mashina mexanizm yordamida temir-beton ustunlar o‘rnatish va ularga yoritish chiroqlarini mustahkamlash, suv qochirish tizimlari hamda piyodalar yo‘lakchalarini qurish shuningdek, yo‘lning asosiy qatnov qismlarida ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda — deydi, Angor tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi rahbari Sardor Jo‘rayev.
Darhaqiqat, yo‘l qurish eng savobli amallardan sanaladi. Bugun Termiz tumani hududida barpo etilgan Yangi O‘zbekiston massivida ham yo‘lsozlar tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
A.S.N., [22.04.2025 11:06]
Prezidentimiz tashabbusi bilan viloyatimiz hududida jami 5 ta Yangi O‘zbekiston massivida yo‘l qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunda Termiz tumanidagi “Yangi obod” mahallasida joylashgan Yangi O‘zbekiston massivida yo‘l qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu ta’mirlash ishlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 454-sonli qaroriga asosan 3,7 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Bu ishlar hozirda jadal sur’atlarda olib borilyapti. 4 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiluvchi Yangi O‘zbekiston massivida aholiga qulaylik yaratish maqsadida yo‘l qurish ishlarini yakunlab, joriy yilning ikkinchi choragi yakuni bilan foydalanshga topshiramiz — deydi viloyat Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i Odil Mamatov.
D163 (4R110) “Sherobod sh. — Pashxurt q. — Oqtosh q. — Muzrabot q.” avtomobil yo‘lining 90–96-kilometrlari qismini mukammal ta’mirlash obyektining loyihaviy quvvati 6 kilometr, qiymati esa 63,3 milliard so‘mni tashkil etadi. Ayni kunlarda mazkur obyektda tosh-shag‘al aralashmasi bilan asos qurish va asfalt-beton qoplamasini yotqizish ishlari olib borilyapti.
-Bu yilgi reja bo‘yicha 6 kilometr uzunlikdagi yo‘lni ta’mirlashimiz kerak. Hozirgi kunga kelib, korxonamiz tomonidan rejadagi 3 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘lini ta’mirlab, topshirishga tayyorlab qo‘ydik. Mazkur qurilish obyektida maktab va bog‘chalar ko‘pligi sababli, aholining xavfsizligini ta’minlash uchun piyodalar yo‘lakchasi, yashil belbog‘ hamda yoritish chiroqlari o‘rnatilmoqda. Ushbu avtomobil yo‘li 4 qatnovli bo‘lib, zamon talablari asosida qurilmoqda. Joriy yilning may oyi oxiriga qadar ta’mirlash ishlarini yakunlab, avtomobil yo‘lini foydalanishga topshiramiz — deydi “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Toshkent filiali davlat muassasasi yetakchi mutaxassisi Shavkat Latipov.
Yo‘llar ellarni-ellarga, manzillarni-manzillarga tutashtiruvchi muhim vositadir. Davlatimiz tomonidan yo‘l qurilishi sohasiga qaratilayotgan jiddiy e’tibor hududlarni obodonlashtirish, yo‘lovchi va haydovchilarga birdek qulaylik yaratish, odamlarning mushkuli oson, turmush darajasining esa yanada farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.
2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining “Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunida yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash uchun Surxondaryo viloyati hududiga 597,7 milliard so‘m, jumladan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari uchun 418 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 454-sonli qaroriga asosan investitsiya dasturida umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarida 16 kilometr yo‘lni va 3 dona ko‘prikni ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Joriy ta’mirlash va saqlash ishlari uchun esa 14 ta tuman yo‘l korxonalari tomonidan 175,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan – deydi viloyat Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i Odil Mamatov.
Yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish – davr talabi. Zero, ravon yo‘llar — mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shishi barorbarida qo‘shni davlatlar bilan turli sohalardagi aloqalarni yanada yaxshilashga, shuningdek, hududning sayyohlik salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.
Rustam NORQULOV,
Viloyat Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi matbuot kotibi

