Gender tenglik — bu jamiyatdagi barcha fuqarolarning, ularning jinsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlash jarayoni. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni ta’minlash yo‘lida muhim islohotlarni amalga oshirdi. So‘nggi yillarda davlat gender tenglikni rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab, bu borada aniq chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Huquqiy asoslar yetarli
O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratilgan. 2019-yilda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar ushbu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgan. Xususan, 1995-yilda Pekin deklaratsiyasini qabul qilgan va 1981-yildan beri BMTning “Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi konvensiyasi”ga a’zo hisoblanadi.
Ayollar ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy faol
Davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri — ayollarning ijtimoiy va siyosiy jarayonlardagi faolligini oshirishdir. O‘zbekiston parlamenti tarixida ilk bor 2024-yilda ayol deputatlar ulushi 38 foizga yetdi. Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat organlarida ham ayollarning ulushi ortib bormoqda.
Hozirda yurtimizda gender masalalari bilan shug‘ullanuvchi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Gender tenglik bo‘yicha komissiya va boshqa tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Ushbu tuzilmalarning asosiy maqsadi — xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotga faol jalb qilishdir.
Gender tenglikni rivojlantirishda ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish muhim omillardan biridir. So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati ayollarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, xotin-qizlarga kredit va grantlar ajratilmoqda. Shuningdek, kasb-hunar markazlari orqali ishsiz ayollarga kasb o‘rgatish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Natijada, mamlakatda ayollar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi kamaymoqda va ular kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka faol jalb qilinmoqda.
Ta’lim va fan sohasida gender tenglik
O‘zbekistonda qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish va ularni yuqori texnologiyalar sohasiga jalb qilish borasida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Hozirda STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yo‘nalishlarida tahsil olayotgan qizlar soni ortmoqda.
Davlat granti asosida o‘qiyotgan talaba qizlar soni ham yildan yilga oshib bormoqda. Shuningdek, xotin-qizlarning ilmiy faoliyatga jalb qilinishini rag‘batlantirish maqsadida maxsus dasturlar ishlab chiqilgan.
Zo‘ravonlikka qarshimiz
Gender tenglikni rivojlantirishda eng muhim masalalardan biri — oilaviy zo‘ravonlik va gender asosidagi diskriminatsiyaga barham berishdir. 2019-yilda qabul qilingan qonunlar asosida ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirildi. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab “Ishonch telefonlari” va “Krisis markazlari” tashkil etilib, jabrlangan ayollarga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.
Huquq-tartibot organlari gender masalalariga oid maxsus treninglardan o‘tib, oilaviy zo‘ravonlik holatlariga tezkor munosabat bildirish mexanizmini joriy etmoqda.
So‘nggi so‘z…
O‘zbekiston gender tenglik bo‘yicha muhim islohotlarni amalga oshirib, ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash yo‘lida jiddiy qadam tashlamoqda. Ayollarni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga jalb qilish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishildi.
F.Shermuxamedova,
Sherobod tumani adliya bo‘limi FHDY bo‘limi mudirasi