68 ta mahallada sug‘orish tizimlari yaxshilandi

Date:

Davlat rivojlanishi uchun, eng avvalo, xalqning hayoti farovon, muammo va tashvishlardan xoli bo‘lmog‘i lozim. Rivojlanish bosqichida bo‘lgan davlatimiz tomonidan asosiy e’tiborning aynan xalq, odamlar orasida kambag‘allikni bartaraf etishga, sharoitni yaxshilashga qaratilganligi bejiz emas. Bu boradagi islohotlar, dasturlar doirasidagi amaliy sa’y-harakatlar natija berayotir.

Turgan gapki, muvaffaqiyatli tajribalar joriy qilindi, yangi-yangi tashabbuslar qo‘llandi, imtiyoz va imkoniyatlar berildi.

 “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ham ana shunday maqsadlarni ko‘zda tutadi. Prezidentimizning ushbu dasturni amalga oshirishga doir qaroriga asosan, Surxondaryo viloyatida 77 ta mahalla tanlab olingan bo‘lib, ularda olib borilgan ishlarning amaliy natijasi sifatida 68 ta mahallada sug‘orish tizimlarini yaxshilash, nasoslar o‘rnatish, quduq qazish hamda ariqlarni betonlash ishlari yakuniga yetkazildi. Mazkur mahallalardagi loyihalar foydalanishga topshirildi.

Hududlar bilan videokonferensaloqa orqali o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, nuroniylar, faollar va mas’ullar bilan muloqot qildi. Qolgan 9 ta mahallada ishlarni jadallashtirish hamda qisqa muddatda yakunlash topshirig‘i berildi.  Albatta, tanlab olingan mahallalarda sug‘orish tizimlarining yaxshilangani, mahalla ahlining tomorqadan unumli foydalanishiga, ekin-tikin qilishiga, mo‘may daromad topishiga xizmat qiladi. Shuningdek, mahallasiga suv borgan fuqarolarning quvonchi cheksiz, bu ularning hayotlarini, yashash tarzlarini o‘zgartirib, foydali mehnat bilan band qilishga sabab bo‘ladi.

Oltinsoy tumanidagi Tog‘ay Murod mahallasida ham “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” mezonlari asosida obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Aholi tomorqalarini sug‘orish tizimini yaxshilash maqsadida Chilmirob  daryosidan 1,1 kilometr masofaga 325 diametrdagi quvur tortilib  suv chiqarildi va maxsus havzaga quyildi. Endilikda bu havzadan yana 900 metr uzoqlikdagi yer maydonlariga ham suv chiqariladi. Ayni loyihaning birinchi qismi ishga tushgani munosabati bilan aholining tomorqasiga suv bordi — ro‘zg‘origa baraka kirib, dehqonchiligi ortidan daromadi oshdi.

Tashrif so‘ngida, viloyat rahbari tomonidan Denov tumani hokimligi binosida qurilish sohasi tadbirkorlari bilan muloqot o‘tkazilib, ishbilarmon doira vakillarining murojaat va takliflari tinglandi. Mutasaddilarga tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish hamda sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar topshirildi.

S.Normurodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ijtimoiy yordamlar shaffof va manzilli

Vazirlar Mahkamasining 25-fevraldagi 78-son qaroriga muvofiq “Yoshlar daftari” jamg‘armasi...

Ustamasi bor

Prezident farmoni bilan 2026—2028-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va...

YHQ jarimasi ustidan shikoyat

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar bugun asosan avtomatik...

Tajribasi g‘alabaga eltadi

Sport vaziri Adkham Ikramovning navbatdagi tashrif manzili Termiz shahridagi...
KunTun
KunTun