Gidroenergetiklar mahallalarni farovonlikka yetaklamoqda

Date:

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida boshqa hududlarda bo‘lgani kabi Surxondaryo viloyatidan ham 77 ta eng og‘ir ahvoldagi mahalla tanlab olinib, yirik hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2024-yil 23-sentabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. Ayni farmon ijrosiga muvofiq boshlangan ishlarga 256 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.
Dastur mahallalarning infratuzilmasini yaxshilashga, barqaror elektr energiyasi va optik tolali internet tarmog‘i bilan ta’minlashga hamda ichki yo‘llar ta’mirlanishiga xizmat qiladi. Bu orqali tomorqa yerlarning sug‘orish tizimi tubdan yaxshilanib, undan foydalanish darajasi oshiriladi. Ishsizlik va kambag‘allik qisqaradi.
Dasturda belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish uchun tanlab olingan mahallalarning “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, har bir xonadon, ko‘cha va infratuzilma obyekti xatlovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, xonadonlarni uzluksiz elektr energiyasi, tomorqalarni oqova suv bilan ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratilmoqda. Masalan, “Kattaqum” mahallasida infratuzilmani yaxshilash uchun 2,7 kilometr yo‘lga asfalt yotqiziladi. 4,4 kilometr masofaga optik tolali kabel tortilib, internet sifati yaxshilanadi. Ikkita transformator o‘rnatilib, besh kilometr masofadagi elektr simi yangilanadi. 4 kilometr ariq betonlanib, aholi tomorqalarini sug‘orish uchun qulay imkoniyat yaratiladi. Mazkur masalalar muhokama etilayotganida tuman rahbarlari va “mahalla yettiligi” hududda mahalla guzari barpo etish taklifini ilgari surdi. Bu g‘oya qo‘llab-quvvatlanib, yangi guzarda bir yo‘la ijtimoiy himoya reyestrida ro‘yxatda turgan kambag‘al oilalar a’zolari bandligini ta’minlashga xizmat qiladigan hunarmandchilik, tikuvchilik, sartaroshxona, uy jihozlarini ta’mirlash ustaxonasi majmuasini qurishga kelishildi. Hozir majmua loyihasi va smeta hujjatlarini tayyorlash choralari ko‘rilmoqda.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

 “Tabiat uchun g‘amxo‘rmiz”

Boysun tumanida atrof-muhitni asrash va ekologik madaniyatni yuksaltirish maqsadida...

Milliy dastur ishga tushiriladi

Mamlakatda infarkt va insultning oldini olishga qaratilgan “Infarkt va...

Mahkumlar masofali video-uchrashuvdan foydalanadi

Jinoyat-ijro kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, endi mahkum o‘z shaxsiy...

Eksport hajmi oshadi

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholini yil davomida sabzavot mahsulotlari...
KunTun
KunTun