Buddaviylik eng qadimiy dinlardan biri bo‘lib, miloddan avvalgi V-IV asrlarda Hindistonda paydo bo‘lgan. Pataliputra shahrida o‘tkazilgan III buddaviylar anjumanida, Budda taʼlimotini Hindistondan tashqarida, butun dunyoga targ‘ib qilishga qaror qilindi. Natijada, missionerlik harakatiga asos solindi. Buddaviy missionerlar sharqiy va g‘arbiy yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatganlar. O‘rta Osiyoda milodiy I-X asrlarda bir nechta tarixiy-madaniy viloyatlar bo‘lgan. Аsosiy budda yodgorliklari Baqtriya-Toxariston va Yettisuv hududlarida paydo bo‘lgan. Marg‘iyonda 2 ta va Farg‘onada 1 ta qayd qilingan.
Baqtriya-Toxariston Аmudaryoning yuqori va o‘rta havzasida Janubiy Tojikiston, Janubiy O‘zbekiston va Shimoliy Аfg‘onistonning bir nechta provinsiyalarini o‘z ichiga oladi. Tadqiqotchilar Baqtriyani buddaviylik kirib kelgan birinchi maskanligini tan olishadi. Lekin qachon kirib kelganligi ko‘p yillar mobaynida tortishuvlarga sabab bo‘lib kelmoqda.
Hind olimlari Baqtriyaga buddaviylik yunon-baqtriya podsholigi (mil.avv. III-II asrlar) davrida kirib kelgan degan taklifni olg‘a surishadi. Bunga asos sifatida bir necha xil o‘sha davr tangalarida budda stupalari tasvirini ro‘kach qilishadi.
B.Litvinskiy buddaviylik Baqtriyani miloddan avvalgi I – milodiy I asrlarda Kushonlar saltanati davrida kirib kelganligini yozib qoldirgan. G.Pugachenkova va E.Rtveladze buddaviylik eramizning boshlarida kirib kelib, milodiy I-III asrlarda ravnaq topgan deb hisoblaydilar. Yozma manbalarga suyanib, hind olimi B.Mukerji buddaviylik Sharqiy Turkistonni milodiy I asr o‘rtalarida, Xitoyga esa milodiy 65 yilda kirib kelganligini aniqlagan. B.Staviskiy arxeologik manbalarga tayanib, Termizga buddaviylik milodiy II asrga kirib kelganligini qayd etgan. Lekin hozirda Qoratepa va Fayoztepa yodgorliklarining aniq sanasi fransuz olimi J.Fusman tomonidan milodiy 20-50 yillarda bunyod etilganligi isbotlangan.
Mashhur kushon hukmdori Kanishkaning o‘zi buddaviylikni qabul qilgan bo‘lsa-da, u tomonidan boshqa dinlarga nisbatan tolerantlik davom etgan. Missionerlar ko‘proq hukmron tabaqalar bilan yaqinlashishga harakat qilishgan. Ular homiyligida qurilgan buddaviylik ibodatxonalariga hukmdorlar nomi berilgan. Qoratepa monastridagi qazishmalar paytida “hukmdor vixarasi” kabi sopolga bitilgan yozuvlar topilgan.
B.Stavitskiyning hisoblashicha, Shimoliy Baqtriya hududida I-III asrlarga oid 12 ta turli xildagi buddaviylik inshootlari aniqlangan. Ular safiga monastrlar (Qoratepa, Fayoztepa, Ushturmullo), stupalar (Zurmala, Аyritom, Zartepa), ibodatxonalar (Dalvarzintepadagi DT-1 va DT-25, Аyritom) va yana bir nechta to‘liq isbotlanmagan obidalar Zartepa ibodatxonasi va Denov tumanidagi stupa (Chordingak)larni kiritish mumkin. Kushonlar saltanatida Baqtriyada buddaviylikni gullab yashnagani arxeologik tadqiqotlar ashyolari orqali namoyon bo‘lmoqda.
Kushon imperiyasining tanazzuli va sosoniylarning istilosi natijasida Shimoli-G‘arbiy Baqtriya-Toxariston hududidagi budda obidalarini inqirozi sezila boshlaydi. Milodiy III asr ikkinchi yarmidan boshlab, Аyritom va Dalvarzin (DT-1) ibodatxonalari buzib tashlandi. Qoratepa yodgorligida o‘zgarishlar kuzatiladi. Аyvon yo‘lakka aylangan xonalardan birini bezashda inqiroz yani rasmlarni rassom chizmaganligi yaqqol ko‘rinadi. Qoratepa ibodatxonalarida hayot davom etsada, lekin yodgorlik maydonlari qisqargan. IV asr boshlarida ushbu yodgorlik qarovsiz, tashlandiq holatga kelib qoladi. Xonalarning ba’zilarida qabrlar paydo bo‘ladi lekin sosoniylar armiyasi tomonidan qilingan talon-tarosh izlari aniqlanmagan.
Budda yodgorliklari kamaysa-da, Toxaristonda buddaviylik saqlanib qolgan. Ilgari bunyod etilgan budda obidalarida hayot davom etgan. Qoratepaning G kompleksida g‘orlar ta’mirlangan. Devorda mavsumiy rasmlar paydo bo‘ladi. Rasmlar bilan birga, paleografik braxma yozuvlarini V.V. Vertogradova IV asr oxiri V asr boshlari bilan sanalagan. Xuddi shu davr bilan Fayoztepaning tashqi stupasi sanalanadi.
VII asr o‘rtalarida Chag‘aniyon hukumdorlarining buddaviy bo‘lganliklarini mahobatli afrosiyob suratlari ham tasdiqlaydi. VII asr oxiri VIII asr boshlarida O‘rta Osiyo arablaar istilosi qurboni bo‘ldi. Movoraunnahrdagi barcha butlar vayron qilindi, ibodatxonalar o‘rnida masjidlar qurildi. Baqtriya-Toxriston hududida buddaviylik islom kirib kelishi balan yo‘qolib qolmagan. Balxda buddaviylik ibodatxonasi X asrgacha faoliyat ko‘rsatgan. Ilk islom davrida buddaviylik g‘oyalarining ta’siri IX asrda Termizda kuzatiladi. Ushbu ta’sir natijasida termizlik buyuk mutafakkir Abu Abdulloh Muhammad at-Termiziy tasavvufining hakimiya tariqatiga asos soladi.
Shaxnoza QUVVATOVA,
Termiz arxeologiya muzeyi katta ilmiy xodimi

