Qachonlardir o‘zbek millatiga mansub bo‘lmasa, ming iqtidor va salohiyati bo‘lmasin, mas’ul lavozimga tayinlanmasdi. Yoki yurtimizga ko‘chib kelib, muqim yashab qolganlarchi, ular ham uzoq yillar fuqarolik pasporti ololmay, u yerlik va na bu yerlik edi. Bunday misollarni juda ko‘p keltirish mumkin. Ammo, bugun bari o‘zgardi, o‘zbek ko‘p millatli xalq sifatida qo‘lni qo‘lga berib, bir osmon ostida yashamoqda. Ha, rahbarlarni millatiga emas bilimiga, tajriba va layoqatiga qarab tayinlanadigan zamonda yashayapmiz. Hech bir millat vakilining ko‘ksidan itarilmaydi, balki odatlarimiz, udumlarimiz, e’tiqodimizni hurmatlab hayot kechirmoqdamiz.
Albatta, ana shu jihatlarimizni qadrlagan holda mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni, turli millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, milliy madaniyatlar, urf-odat va an’analarni saqlash hamda rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi, yosh avlodni vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli ishlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun har yili yurtdoshlarimiz turli nomdor medal va ordenlar, nishonlar bilan taqdirlanib keladi. Bu safar ham bir guruh vohadoshlarimiz “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoniga tavsiya etildi.
Ushbu nishonga munosib ko‘rilganlarni taqdirlash, mukofotlarini egalariga topshirish esa o‘ziga xos marosimga ulandi. Avvaliga mukofotlanganlarni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov samimiy qutlab, o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi va barchaning kelgusi ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Shundan so‘ng, “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Albatta, ular orasida umrini ilm-u fanga, ta’limga, hayotimizning turli jabhalariga bahshida etgan jonkuyar, fidoyi insonlarning borligi quvonarli hol. Ko‘ksiga nishon taqilayotgan bu insonlarni kuzatsangiz, qalbida bir olam hayajon, yuz-ko‘zlaridagi quvonchni sezish qiyin emas. Ular mehnatiga berilgan yuksak bahodan shod va masrur.
— Bugun men uchun quvonchli, hayajonli va kutilmagan voqealarga boy bo‘ldi, — deydi Jarqo‘rg‘on tumani 1-sonli umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nailya Permatova. — Bugun ta’lim sohasiga qaratilgan e’tibordan, o‘qituvchining qadr-qimmati, obro‘-e’tibori oshganidan bir quvongan bo‘lsam, ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlanganimdan quvonchim cheksiz. Bolajonlarga ta’lim-tarbiya berishdek sharafli kasbni tanlaganimdan g‘ururlanaman. Bu mukofot meni yanada sergaklantiradi, o‘z ishimga mas’uliyatimni oshiradi. Va’da berib aytamanki, bildirilgan ishonchni oqlayman.
S.Allayeva,
N.Muhibulloyev
(surat)