Qarasam, o‘g‘lim telefondan bosh ko‘tarmayapti. Na ovqatlanadi va na so‘roqlarimda javob qaytaradi. Shundan keyin telefonni olib qo‘yib, undan foydalanishni taqiqladim. Bolaning asabiylashishini ko‘rsangiz edi…
Buyog‘iga nima qilishni o‘ylab boshim qotdi va ona sifatida ibrat bolay deb kitob o‘qidim. O‘qiganlarimdan so‘zlab berdim. Yana tabiat qo‘ynida sayr qildik. Xullas, mashg‘ulotlarimizni, hayot tarzimizni o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keldi. Ha, farzand tarbiyasi osonmas. Oddiy telefonlar esa bir necha yillik mehnatimiz va harakatlarimizni bir zumda yo‘qqa chiqarib, o‘ziga tobe qilishi esa fojiamizdir.
Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va oldini olish maqsadida esa Xitoy voyaga yetmaganlarning mobil qurilmalar va internetdan foydalanishini tartibga soluvchi yangi qoidalar loyihasini taqdim etibdi. Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, o‘smirlar kuniga ikki soat smartfondan foydalanish bilan cheklanar ekan. 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar kuniga 40 daqiqa, 8 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bir soat, 16 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga esa kuniga ikki soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqt davomida smartfondan foydalanishga ruxsat etiladi. Har yarim soatda foydalanuvchiga tanaffus qilish zarurligini qurilma eslatishi kerak emish.
Ushbu loyiha bilan tanishar ekanman, o‘z farzandimiz bilan murosa qilishimizga to‘g‘ri kelarkan-da degan fikr ong-u shuurimdan o‘ta boshladi. Yosh ona sifatida kattalarning nasihat va tavsiyalariga quloq tutishga odatlanganmiz. Axir ulardagi tajriba va bilimlar o‘z ishini qiladi, natijasini ham ko‘rsatmay qolmaydi-ku?! Shu maqsadda xitoyliklarning-da taqdim etayotgan loyihasidan nimadir uqish, qandaydir jihatlaridan foydalanish foydadan holi bo‘lmas degan xulosaga keldim. Shunday ekan, hurmtli ota-onalar, siz ham o‘g‘il-qizlaringiz tarbiyasiga xushyor bo‘ling. Ularni telefon-u smartfonlar, internet degan balo-yu ofatga boy berib qo‘ymang…
Jonkuyar ona