Shahar markazidagi har tomonlama qulay nuqtada joylashgan ko‘p qavatli uylardan xarid qilishdan avval uyning sifatli qurilganiga e’tibor qaratamiz. Xolbuki, har doim ham istagimizdagi uyni tanlolmay halak bo‘lamiz. Chunki, hali suv jo‘mragidan, hali quvurlardan suv tomchilashni boshlasa, eshik yaxshi o‘rnatilmagan, ta’mirida ba’zi muammolar, kamchiliklar chiqaveradi. Bu quruvchi va ustalarning mas’uliyatsizligimi yoki o‘zlaridan o‘tib, egasiga yetguncha qabilida ish tutishmi?
Bu-ku, faqat bitta uy misolida aytganlarimiz. Ulkan qurilishlar makoniga aylangan shahrimizda qanchadan-qancha ko‘p qavatli uylar, binolar qad rostlayaptiki, ular bunday muammolardan holimikan? Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ana shunday masalalar o‘rtaga tashlandi. Qolaversa, yig‘ilishda ijro intizomi, qurilish sohasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.
Prezident Farmon va qarorlari, topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, yig‘ilish bayonlari hamda hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida berilgan topshiriqlar ijrosi tahlil qilinib, ijro intizomiga qat’iy rioya qilmagan, topshiriqlar ijrosini to‘liq ta’minlamagan viloyat hokimining tarmoqlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ogohlantirildi.
Qurilish sohasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar keskin tanqid qilindi. O‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK direktori, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, Mintaqaviy yo‘llarni qurish buyurtmachi xizmati DUK Surxondaryo filial direktori ishdan olindi. Ko‘rilgan bu kabi choralar mas’ullarni sergaklantirib, kelgusi ishlariga mas’uliyat bilan yondashishlari uchun ibrat bo‘lsa, ajab emas.
Shuningdek, yig‘ilish davomida kun tartibidagi boshqa masalalar ham tanqidiy tahlil qilinib, mas’ullarning hisobotlari tinglandi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha muddat va vazifalar belgilab berildi.