Mamlakatimizda o‘tgan qisqa davr mobaynida boshqa sohalar qatori gaz ta’minotida ham tubdan o‘zgardi, xususan, sohani yanada rivojlantirish maqsadida olib borilgan izchil islohotlar qator muammolarning oldini olish, sifat samaradorligini oshirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. Ayniqsa, tizimga raqamli iqtisodiyotning kirib kelishi inson omilini qisqartirish orqali shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan tashkil etilgan press-tur davomida respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar va blogerlar ana shu jarayonlar bilan yaqindan tanishdi. Sohada amalga oshirilgan ishlar “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan.

Dastlab, OAV vakillari Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan 7-, 28-, 31-sonli umumta’lim maktablarida isitish tizimining gaz ta’minotidan ko‘mirga o‘tkazilganligi bilan yaqindan tanishdi.
Press turning keyingi manzili tumanning “Qo‘shtepa” mahallasida bunyod etilgan Yoshlar kichik sanoat zonasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining 2022-yil 6-iyuldagi “Hududlarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida tumandagi “Qo‘shtepa” mahallasida kichik sanoat zonasi hududiga gaz quvurlarni tortish ishlari amalga oshirildi. Barpo etilayotgan yoshlar kichik sanoat zonasi hududiga 1 kilometrdan ortiq gaz quvurlari tortildi.

— Yoshlar kichik sanoat zonasiga ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanamiz, — deydi “ZEBU ZAR SHIRIN NUR FO” MCHJ rahbari Oybek Hazratqulov. — Ilgari mahsulotni ochiq holdagi uskunada pishirganimiz bois, gazning ma’lum bir miqdori havoga tarqab ketardi. Soha vakillarining tavsiyasi bilan energiya tejamkor uskuna o‘rnatdik. Hozirda seximizda bir sutkada 2000 tonna shirinlik pishiriladi. Tejamkor uskuna yordamida bir sutkada 4-5 million, bir oyda esa 120 million so‘m mablag‘imiz tejalmoqda.
Navbatdagi manzil — “Qorayantoq” mahallasida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” massivlariga tabiiy gaz ta’minoti jarayonlari bilan ham tanishdik. Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida joriy yilda Surxondaryo viloyatining to‘rtta hududi: Angor, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Boysun tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda. Jarqo‘rg‘on tumanida ham “Yangi O‘zbekiston” massivi kompleks rivojlanish tamoyili asosida bunyod etilyapti. Jami 16 ta qurilish tashkiloti tomonidan joriy yil yakuniga qadar 20 ta bir yo‘lakli 5 qavatli uylar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 2026-yilga qadar esa ushbu massivda 86 ta ko‘p qavatli uylar, xizmat ko‘rsatish obyektlari va ijtimoiy infratuzilma qurilishi belgilangan.

Massivni gazlashtirish uchun diametri 59 mm bo‘lgan 2400 metr uzunlikdagi tabiiy gaz quvurlarini tortish ishlari bajarildi. Darhaqiqat, inson uchun o‘z boshpanasi, uy-joyi bo‘lish katta baxt. Zero, “Yangi O‘zbekiston” massivlari yuzlab oilalarning hayotini o‘zgartirib, ularga quvonch ulashmoqda. Bu yerdagi kenglik, muhtashamlik, obodlik va saranjom-sarishtalikdan dilingiz yayraydi. Har bir yumush, har bir bino-inshootda xalqimizga xos yaratuvchanlik va bunyodkorlik salohiyati to‘liq namoyon bo‘layotgandek.
Dinara Qo‘zimurotova