Xalq xo‘jaligining muhim sohasi bo‘lmish sanoatga e’tibor tobora kuchayib borayotgani bejizga emas, albatta. Sanoat rivoji — qulay imkoniyatlar eshigi bo‘lish barobarida yangi ish o‘rni hozirlanishi yo‘lida ham zamin yaratadi. Ayniqsa, bugungi kunda savdo-sanoat bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan, yangi korxonalar ochish ilinjida yurganlar uchun barcha shart-sharoitlar tayin. “Yuksalish” umummilliy harakati Surxondaryo hududiy bo‘linmasi zalida Surxondaryo viloyati hokimligi Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiya davlat muassasasi hamda “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi tomonidan 2022-yilda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish yuzasidan jamoatchilik eshituvi tashkil etilgani yuqoridagi fikrlarning isbotiga aylandi.
Tashkil etilgan jamoatchilik eshituvida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi hamda viloyat Kengashi deputatlari, NNT rahbarlaridan iborat bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasi bo‘yicha jamoatchilik guruhi a’zolari, ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etishdi.
Eshituv davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 245-son qarorining 14-bandida belgilangan “Viloyatda chegaraoldi hududlarning mavjud imkoniyatlaridan keng foydalanish hamda sanoat salohiyatini oshirish maqsadida maxsus sanoat zonalar faoliyatini kengaytirish” qaroriga asosan, shu bilan bir qatorda “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududida qiymati 43.3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan jami 7 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirish va 14 ta yangi kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi bandining ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan vazifalar bo‘yicha mas’ul tashkilotlarning axboroti tinglandi.
Unga ko‘ra Surxondaryo viloyati hokimligi Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiya davlat muassasasi tomonidan Boysun tumani “Darband, MFY “Qorabog‘, MFY hududidan qurilish materiallariga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalari tashkil etilgan. Yirik loyihalardan biri esa “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi tomonidan 2022-yilda “Termiz” EIZ hududida 4 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilgani bo‘ldi. Loyihalarning jami qiymati 13,98 million dollarga tengdir.
Har birining qiymati 0,3 million dollarga teng bo‘lgan “Nova-Farm” hamda “Angor-Farm” MCHJ korxonalari hozirgi vaqtda 50 dan ortiq kishini ish bilan ta’minlab kelayotgani quvonarli holat, albatta.
Xotin-qizlarni bandligini oshirish, ularni ish bilan ta’minlash bugungi kunda ham eng asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolayotgani shubhasiz. Jami qiymati 11,2 million dollarga teng bo‘lgan “Indenim Textile” MCHJ bu borada tashabbusni qo‘lga olib, 200 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlab kelmoqda. Shu qatorda “GENERATION PHARMA SERVICES” MCHJ qo‘shma korxonasi ham qo‘yning junidan lanolin substansiyasini ishlab chiqarish orqali bir qator soha vakillarining ishini yengillashtirmoqda. Ushbu korxona 20 ta oilaning ro‘zg‘orini tebratishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bu kabi sanoat korxonalarining yaratilishi kelajakdagi o‘zgarishlar, yangilanishlar yo‘lidagi bir debocha ekanligi tayin.
Dildora Otaqulova,
Islom Mengliyev
(foto)