O‘zbekistondagi ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar, o‘quvchilar, talabalar va pedagoglar har o‘quv yilida kamida bir marta psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi. Prezident qaroriga ko‘ra, natijalar sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinib, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj shaxslarga psixologlar biriktiriladi.
Tizim 2026/2027-o‘quv yilidan maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limda, 2027/2028-o‘quv yilidan esa o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’limda joriy etiladi.
Diagnostika Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti yuritadigan elektron platformada o‘tkaziladi. Shaxsga doir ma’lumotlar va natijalar maxfiyligi ta’minlanadi. Ishtirokchilar “psixologik barqaror”, “psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj” va “faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur” guruhlariga ajratiladi. Ikkinchi guruhga ta’lim muassasasi psixologi, uchinchi guruhga esa hududiy mentor psixolog biriktiriladi.
Kaskadli malaka oshirish kurslariga jalb etilgan psixologlarga asosiy lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz ustama to‘lanadi. Yuqori natijalarga erishgan 150 nafar mentor psixolog mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik mukofotlanadi.
Ta’lim tashkilotlari psixologik xizmat xodimlari har besh yilda kamida bir marta malaka oshirishi shart.
Shuningdek, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilib, Ta’lim va ilm-fan vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Institutda 2027-yil 1-yanvardan raqamli psixologiya va sun’iy intellekt, ta’lim psixologiyasi va psixologik xizmat, psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari ish boshlaydi.

