O‘zbekistonda 2030-yil 1-yanvardan boshlab tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tegishli mutaxassislik bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tish talab etiladi. Ro‘yxatdan o‘tganlarga 5 yil muddatga amal qiladigan elektron guvohnoma beriladi. Guvohnomasiz faoliyat yuritish taqiqlanadi.
Hukumatning 19-oktyabrda qabul qilingan 577-son qarori bilan xodimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.
2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvargacha ro‘yxatdan o‘tish maxsus imtihon natijalariga ko‘ra ixtiyoriy ravishda yoki malaka toifasini berish jarayonida avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yillik ish staji va ilmiy darajaga ega xodimlar, murojaat vaqtida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha uch yil yoki undan ortiq muddat uzluksiz ishlamaganlar bundan mustasno, imtihonsiz ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Tibbiy malaka platformasi orqali topshiriladi. Vakolatli organ so‘rovnomani 5 ish kunida ko‘rib chiqib, talabgorni imtihonga qo‘yish yoki qo‘ymaslik haqida qaror qabul qiladi.
Elektron guvohnomaning haqiqiyligini yagona elektron reyestr orqali tekshirish mumkin. Uning qog‘oz nusxasi berilmaydi. Kasbiy faoliyatni davom ettirish uchun har 5 yilda qayta ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.
577-son qaror rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchга kiradi.

