Inson hayotda yashashi davomida juda ko‘p yaxshi va yomon voqea-hodisalarning guvohi, ba’zan esa bilib yoki bilmasdan ularning ishtirokchisi bo‘lar ekan, gohida ayrim xatolarga yo‘l qo‘yarkan. Bir og‘iz shirin so‘z bilan odamlar orasida yaxshi munosabatlar shakllanadi, oddiygina bitta imo-ishora bilan esa ularning o‘zaro aloqalari buzilishi mumkin. Ayniqsa, mehnat bilan band aholi orasida ish jarayonida har qanday holatlar kuzatiladi. Nima bo‘lganda ham hammani ko‘nglini birday topish qiyin ekan. Xuddi shunday ish ustida jamoadoshlarimizdan biri bilan oramizdan “ola mushukcha o‘tib qoldi”. Bir narsani bilamanki, hammani o‘z haqiqati bor. Bunday vaqtda hech kim o‘zini aybdor hisoblamaydi. Aybni o‘zimizdan qidirmaymiz, sherigimizni aybdor qilamiz.
Agar shunday holatga e’tibor bergan bo‘lsangiz, ushbu jarayonga guvoh bo‘lib turganlar ham munosabat bildirishda menimcha ikki guruhga bo‘linishadi. Chunki hamma narsani “o‘z qarichimiz bilan o‘lchaymiz”, hammamizni qarichimiz har xil, atrofimizdagilarga ham har birimizni o‘z munosabatimiz bor.
Xullas, ikki o‘g‘iz ish ustidagi kelishmovchilikni arazi 5 kunga cho‘zildi. Vaholanki, hadislarda arazning “umri” 3 kun ekanligi, arazlashganlar uch kun davomida gaplashmasalar gunohligi haqida ma’lumotlar keltirilgan. Darslarimizda, tarbiyaviy soatlarimizda bu xususida talabalarga ham o‘git beramiz, pand-nasihat qilamiz. Eng yomon tomoni ish birligi va so‘z birligining yo‘qligi. Bu gapni minbarga chiqib aytsam-u, o‘zim amal qilmasam bekorligini anglashimiz kerak. Jamoada yoshi ulug‘lardan biri bo‘la turib, bunday yo‘l tutishim yoshlar oldida uyat. Juda yomon ko‘rganim adolatsizlik, yolg‘onchilik, kimlarnidir aldash, maqtanchoqlik. Men endi bunday munosabatlarga ko‘nikish, “mayli”, deb qo‘l siltab ketaverish yoshidan o‘tdim, deb o‘ylab, vijdonim qiynalardi. “Otdan tushsam ham, egardan tushish” ma’qul bo‘lmadi. Nima bo‘lganda ham bir jamoada bunday holatda faoliyat yuritishni o‘zimga ham, yoshimga ham to‘g‘ri kelmasligini o‘yladim va oltinchi kun ertalabki nonushtadan keyin dasturxonga duo qila turib: “Ey Allohim, men johil bandangni kechir, bunday yo‘l tutishim noto‘g‘ri, sen hammamizni ko‘rguvchisan, bilguvchisan, kim haq-u, kim nohaqligini ajratguvchisan, shu bois bugun qaysi birimiz aybdor bo‘lsak, shu aybdor birinchi gapirsin, mayli agar men aybdor bo‘lsam, undan yoshim bir necha yil katta bo‘lsa ham men unga gapirayin, shunga o‘zing yo‘l ber”, dedim.
Ishga borib, oradan bir soat o‘tar-o‘tmas iltijomni ijobatini ko‘rdim va chin dildan yaxshi narsani so‘rasak, yaxshi niyat qilsak Allohim yo‘limizni oq, dilimizni pok qilishiga yana bir karra ishondim.Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlashni istardimki, har bir davlatning siyosati uning barcha sohalariga ta’sir qiladi. Mening talabalik davrim sovet mustamlakachiligi, kommunistik mafkuraning zo‘ravonligi avj olgan vaqtlarga to‘g‘ri kelgan. U zamonda lenincha kommunistik partiyaning ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan siyosati jamiyatning hamma tizimlarida hukmron edi. Biz “Ilmiy ateizm”, ya’ni “Din xalq uchun afyundir” degan markscha ta’limotni singdiruvchi, targ‘ib etuvchi fanni o‘qiganmiz. Mazkur ta’limotdagi asosiy g‘oya – xalqni xudoni yo‘qligiga ishontirish edi. Din uchun hamma eshiklar yopilgan, diniy ibodatxonalar, masjid-u madrasalar faoliyati cheklangan, diniy adabiyotlar yo‘q qilingan, yoqib yuborilgan, dindorlar, dinga e’tiqod qiluvchilar ta’qib ostiga olingan, dorga osilgan, surgun qilingan, otib o‘ldirilgan va boshqa azoblarga duchor etilgan bu davr mamlakatimizda 1917-yildan mustaqilikgacha davom etdi. Odamlar hech qanday diniy tashkilotga a’zo bo‘lmasa ham, o‘z uylarida o‘tirib namozini o‘qish, ro‘zasini tutish nazoratda edi.Bugungi kunda mamlakatimiz fuqarolari uchun vijdon erkinligi Asosiy Qonunimizda belgilab, kafolatlab qo‘yildi. “Diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Din sohasida bir nechta oliy va o‘rta maxsus ta’lim dargohlari, ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat olib bormoqda. Eski diniy qadamjolar qayta tiklandi, ta’mirlandi, ziyoratgohlarga aylantirildi, yangi masjid, madrasa va ziyoratgohlar barpo etilmoqda. Din sohasidagi ilmi bilan O‘zbekistonni dunyoga tanitgan allomalarning nomlarini bemalol tilga oladigan bo‘ldik, ma’naviy merosini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratildi, ularning xotirasi abadiylashtirildi. Yurtdoshlarimizning haj ziyoratiga borishlari uchun imkoniyatlar yildan-yilga kengayib borayapti. Toshkent – islom madaniyatining poytaxti, deb e’lon qilindi. Islom dini ezgulikni, poklikni, birdamlikni, hamjihatlikni, kechirimlilikni, adolatni, to‘g‘rilikni, mehr-oqibatni targ‘ib qiluvchi din sifatida tan olindi. 35 yil bo‘ldiki, xalqimiz o‘z g‘oyalarida ana shu jihatlarni jo qilgan islom diniga qaytdi. Menga o‘xshab “Ilmiy ateizm” fanini o‘qigan, islom ta’limotidan deyarli xabardor bo‘lmagan keksa yoshdagilarni ham fikrini mustaqillik o‘zgartirdi. Azizlar men oddiygina bir holat orqali yana nimagadir amin bo‘ldim. Atrofimizgagilarni ko‘ngliga nohaq ozor bermaylik, birovning haqiga xiyonat qilmaylik, til tig‘i bilan bir-birimizni ranjitmaylik. Bu insoniylikka ham, odob-axloq me’yorlariga ham, diniy qarashlarimizga ham zid ekanligini bilishimiz kerak.
Shoira Davlatova,
TerDu t.f.f.d. (PhD)

