Muzrabot tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida esayotgan o‘zgarishlar epkini hayot sifatini yuksaltirmoqda. Har qanday yurtning taraqqiyoti, avvalo, mahallalarning qiyofasi va odamlarning turmush tarzida namoyon bo‘ladi. Kechagina yo‘llari ta’mirtalab, infratuzilmasi eskirgan, ijtimoiy muammolari tufayli og‘ir toifadagi hududlar qatorida tilga olingan “Do‘stlik” mahallasi bugun obod va ko‘rkam.
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” loyihasi doirasida mazkur mahallada qurilish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlar bir vaqtning o‘zida bahamjihat olib borilmoqda. Eng muhimi, bu yerda faqat binolar emas, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ham yangilanmoqda.
Bugun “Do‘stlik” mahallasiga kirib kelgan har qanday kishi bu yerdagi o‘zgarishlarni darhol his qiladi. Ilgari chang ko‘tarilib turadigan, yomg‘irli kunlarda yurish qiyin bo‘lgan markaziy ko‘cha hozir zamonaviy shaharsozlik talablari asosida bunyod etilmoqda. Kengligi 24 metr bo‘lgan markaziy ko‘chada asfalt qoplamasi yotqizish, piyodalar yo‘laklarini barpo etish, tungi yoritish tizimini o‘rnatish, beton ariqlar va lotoklar qurish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Yo‘l bo‘ylari tartibga keltirilib, daraxtlar va manzarali o‘simliklar ekilmoqda. Bu ishlarga 200 nafardan ortiq quruvchi va mutaxassis jalb etilgan. Qisqa vaqt ichida mahalla ko‘chalaridagi o‘zgarishlar aholi uchun nafaqat qulaylik, balki xavfsizlikni ham ta’minlamoqda.
Qurilish ishlari faqat yo‘llar bilan cheklanmayapti. Xonadonlarning fasad qismlari yagona arxitektura yechimi asosida ta’mirlanib, tashqi ko‘rinishi zamonaviylashtirilmoqda. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari mahallaga yanada fayz bag‘ishlamoqda. Bunday yondashuv nafaqat tashqi qiyofani o‘zgartiradi, balki aholi yashab turgan hududiga nisbatan mehr va mas’uliyat tuyg‘usini ham kuchaytiradi. “Do‘stlik” mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar bugun viloyatning boshqa hududlari uchun ham o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tamoqda, namunaga aylanmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligida viloyatning barcha shahar va tuman hokimlari ishtirokida tashkil etilgan amaliy seminarda aynan shu mahalladagi qurilish va obodonlashtirish ishlari namunaviy tajriba sifatida taqdim etildi.Seminar ishtirokchilari qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, mahallalarni rivojlantirishda kompleks yondashuv qanchalik muhim ekanini amalda ko‘rdilar.
Muzrabotda o‘tkazilgan amaliy seminarning yana bir muhim jihati aholi daromadini oshirish bo‘yicha yaratilgan tajribalar bilan tanishish bo‘ldi. Tumanning “Gulobod” mahallasidagi namunaviy xonadonlarda tomorqachilik, anorchilik, uzumchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, biogumus ishlab chiqarish va tikuvchilikni bir vaqtning o‘zida yo‘lga qo‘yish orqali oilalar barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgani ko‘rsatib berildi. Bu tajribalar bir haqiqatning isbotidir: kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li — aholiga ko‘mak berish emas, balki unga mehnat qilib daromad topish imkoniyatini yaratishdir.
“Do‘stlik” mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ham e’tibordan chetda qolmayapti. II guruh nogironi Xolmirza Rahmonovning xonadoni qisqa muddatda to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Uyning tom qismi yangilandi, ichki va tashqi ta’mirlash ishlari bajarildi, farzandlari uchun alohida dars xonasi tashkil etildi.
Oilaning kelgusida barqaror daromadga ega bo‘lishi uchun tikuvchilik xonasi jihozlanib, zamonaviy tikuv mashinasi topshirildi. Bu ezgu ishlar “Inson qadri uchun” tamoyilining hayotdagi amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, “Do‘stlik” mahallasida rekonstruksiya qilingan 14-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi ham aholi uchun katta tuhfadir. Zamonaviy jihozlangan guruh xonalari, sport va musiqa zallari, oshxona hamda bolalar maydonchalari — farzandlarimizning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Zero, har qanday taraqqiyot avvalo bilimli va sog‘lom avlod tarbiyasidan boshlanadi.
Hududlarni rivojlantirish degani faqat asfalt qoplamasi yotqizish yoki binolarni ta’mirlash emas. Bu — odamlarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni ish bilan ta’minlash, farzandlariga munosib ta’lim berish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va eng muhimi, insonning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdir. Bugun “Do‘stlik” mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Bir vaqtlar og‘ir toifadagi hudud sifatida tilga olingan mahalla bugun zamonaviy qiyofa kasb etib, obod va farovon hayot sari dadil qadam tashlamoqda.
Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat mahalla ahli, balki butun viloyat uchun ibrat maktabiga aylandi. Zero, Yangi O‘zbekistonni barpo etish har bir mahalladan, har bir ko‘chadan va har bir xonadondan, xalqning qalbidan boshlanadi.

