Denov tumanida tadbirkorlik orqali aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday faol va tashabbuskor tadbirkorlardan biri — Denov tumanining “Buyuk kelajak” mahallasida yashovchi Madina Muhsinova bo‘lib, u bugungi kunda oilaviy korxonaga rahbarlik qilib, yurtdoshlarimiz uchun munosib mehnat o‘rinlari yaratishga hissa qo‘shmoqda.
Madina Muhsinova rahbarligidagi korxona ko‘p tarmoqli faoliyat yuritadi. Bu yerda avtomobillar uchun turli xil yopqichlar ishlab chiqarish va tikuvchilik sexi hamda qandolatchilik sexi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, xaridorlar ehtiyojini qondirishga qaratilgan yondashuv va zamonaviy mehnat tashkil etilishi uning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, mazkur korxona orqali 50 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Ular orasida 5 nafar imkoniyati cheklangan inson ham mehnat qilib, jamiyatda o‘z o‘rnini topmoqda. Bu esa tadbirkorlik nafaqat iqtisodiy samara, balki ijtimoiy mas’uliyatning ham yorqin namunasi ekanini ko‘rsatadi.

Tuman miqyosida o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovida ham Madina Muhsinovaning tadbirkorlik faoliyati munosib baholandi. Uning mehnatsevarligi, ishbilarmonligi va aholi bandligini ta’minlashga qo‘shgan hissasi inobatga olinib, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ko‘rik-tanlovda jami 30 nafar tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar ishtirok etdi. Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, ikkinchi o‘rin “Chorgul” mahallasidan gilamdo‘z Fotima Islomovaga nasib etdi. Uchinchi o‘rin esa “Mehr-oqibat” mahallasida faoliyat yurituvchi tikuvchi va yakka tartibdagi tadbirkor Mavluda Qahhorovaga berildi.
Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qulay imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Denovlik Madina Muhsinovaning faoliyati ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘lib, u o‘z mehnati bilan nafaqat oilasi, balki yuzlab insonlar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Uning muvaffaqiyati tashabbuskor ayollar uchun munosib o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi. Bandlikni ta’minlash, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish yo‘lidagi bunday tashabbuslar yurtimiz iqtisodiyotining barqaror taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

