Do‘stlik – masofa tanlamaydi

Date:

Hayotda do‘stsiz odam bo‘lmasa kerak. Har birimizning dardimizni aytadigan, muammolarimizni tinglaydigan, sirimizni ishonib oshkor eta oladigan, lozim bo‘lganda maslahatlashadigan, qaysidir ishimizda kengashadigan, o‘rni kelsa bizga suyanch va tayanch bo‘ladigan, har qanday sharoitda yonimizda turib, xursandchiligimizga ham, qayg‘ularimizga ham sherik bo‘la oladigan, ko‘nglimiz xufton bo‘lsa, uni nurafshon qila oladigan, ba’zan yuragimizga taft zarur bo‘lganda, iliq so‘zlari bilan unga darmon bo‘lishga qodir do‘stlarimiz bor.

Odamlar hayotlarining turli davrlarida kimlar bilandir do‘stlashishadi yoki ba’zi sabablarga ko‘ra do‘stlik aloqalarini buzishadi. Kimgadir do‘stlik nimaligini anglamasdan turib bolaligidan topishgan do‘sti unga bir umr hamrohlik qiladi. Kimlardir do‘stlarini hayotning turli chorrahalarida topadi. Haqiqiy do‘stlik boylik, mansab, ma’lumot, millat, til, din, sharoit, masofa tanlamaydi. U faqat ko‘ngildagi fikrlar yakdilligi, qarashlar kelishuviga asoslanadi.

Insonning umri davomida kim bilandir do‘stlashib qolishiga hayotdagi turli voqealar, holatlar ham ta’sir ko‘rsatadi. Kimdir do‘sti bilan qo‘shni, mahalladosh, maktabdosh, sinfdosh, o‘qish davrida kursdosh, guruhdosh, mehnat faoliyati davomida jamoadosh bo‘lib tanishgan bo‘lishi mumkin. Lekin, hayotimizda safarda suhbatdosh, yo‘lda yo‘ldosh bo‘lib tasodifan tanishib, bir umr do‘stlik rishtalarini bog‘lab, bir-birini yaxshi-yomon kunida yo‘qlab, zarur bo‘lganda qo‘llab-quvvatlab turuvchi do‘stlar ham uchrab turadi.

O‘tgan kuni tumanlarimizdan birining chekka tog‘ qishloqlarida istiqomat qiluvchi xolamga qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘rab qo‘yay desam, telefoni: “Xizmat doirasidan tashqarida”, dedi. Ikki kun qayta-qayta terdim, bir xil javob. Va nihoyat, bugun qo‘ng‘irog‘imga javob bo‘ldi. Tojikistonga to‘yga borib kelishibdi. Lekin uning bu to‘yga borishiga, O‘zbekiston va Tojikistondagi ikki oila o‘rtasida do‘stona bordi-keldi munosabatlari yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan jiyanim 24 yoshida buyrak saratoni bilan hayotdan ko‘z yumganiga ham 12 yil bo‘ldi.

“Oyog‘i kuygan suvga yuguradi”, deganlaridek, dardiga davo izlab Dushanbedagi shifoxonada davolanish jarayonida o‘sha yerlik yosh ayol bilan birga davolanib, o‘zaro til topishib qolishgan, keyinchalik ham qo‘ng‘iroqlashib, diydorlashib turishardi. Do‘stona munosabatlar chin ko‘ngil amri bilan shakllangan bo‘lsa, masofa tanlamasligi rost ekan. Ikki kishi orasida paydo bo‘lgan opa-singillik ikki davlatdagi ikki oila a’zolarini bir-birlariga yaqin qilib qo‘ydi. Ularning biri hayotdan o‘tgan bo‘lsa ham, bu munosabatlar davom etib kelmoqda. Ular bayramda ham, to‘yda ham, ma’rakada ham va undan tashqari paytlarda ham bir-birlarini izlaydigan, yo‘qlaydigan bo‘lib qolishgan.

Do‘stlik uchun eng muhimi mehr-oqibat va sadoqat ekan, degan xulosaga keldim. Bemorlik ortidan musofir yurtda shifo izlab yurgan jiyanim begona odamlar bilan do‘stlashib, ushbu ijtimoiy munosabatlarni oila a’zolariga qadriyat sifatida qoldirib ketdi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, do‘st-u birodarlik xalqimizga ajdodlarimizdan qolgan azaliy qadriyatdir. U yoki bu sabab bilan yer yuzining turli hududlarida yashaydigan odamlar orasida do‘stona munosabatlar ko‘payaversin, do‘stlik rishtalari mustahkam bo‘lsin. Har birimiz do‘stlarimizni ardoqlaylik, ularga sadoqatli bo‘laylik, do‘stlik bizning qalbimizga kuch-qudrat, tanamizga suyanch ekanligini anglaylik. Do‘stlikning qadriga yetaylik!

Shoira Davlatova
TerDU t.f.f.d.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Adib merosi qalblarga maʼnaviyat ulashdi

Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy...

Harbiylar o‘rtasida kibersport musobaqasiga start berildi

Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz, Kakaydi va Xayrabod...

Og‘ir toifadan namunali hududga…

Muzrabot tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida esayotgan o‘zgarishlar epkini hayot sifatini...

“Adolat” islohotlarga kamarbasta

Ezgu g‘oyalar bilan nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining35 yilligi...
KunTun
KunTun