Diniy bag‘rikenglik – bu shunchaki turli din vakillarining yonma-yon yashashi emas, balki o‘zaro hurmat, ishonch va hamkorlikka asoslangan ijtimoiy muhitdir. U inson huquqlarini ta’minlash, vijdon erkinligini kafolatlash va jamiyatda tinchlikni mustahkamlashning eng muhim omillaridan biridir.
O‘zbekiston tarixan turli din va madaniyatlar chorrahasida joylashgan hudud sifatida shakllangan. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlar asrlar davomida turli e’tiqod va millat vakillarini birlashtirib kelgan. Bu tarixiy tajriba bugungi kunda ham jamiyat barqarorligining muhim asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Konstitutsiyamizda vijdon erkinligi va barcha fuqarolarning tengligi kafolatlangan. Davlatning dunyoviylik tamoyili esa diniy qarashlardan qat’i nazar, har bir shaxsga teng munosabatni anglatadi. Bu – e’tiqod erkinligi bilan birga jamiyat barqarorligini ta’minlashning muvozanatli modeli demakdir.
So‘nggi yillarda bu siyosat yangi mazmun bilan boyidi. Prezidentimizning BMT minbarida ilgari surgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” tashabbusi xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu yondashuv jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, diniy erkinlikni himoya qilish va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mamlakat ichida ham ma’rifiy asosdagi islohotlar amalga oshirildi. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy muassasalar tashkil etilib, sog‘lom diniy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bu tashabbuslar diniy bilimni chuqurlashtirish orqali radikalizm va mutaassiblikning oldini olishga qaratilgan.
Bugungi kunda mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub minglab diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda, 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv hayot kechirmoqda. Turli tillarda ta’lim va axborot olish imkoniyatlari yaratilgani ham millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xususan, viloyatimizda turli millat va din vakillari o‘zaro hurmat asosida yashayotgani bag‘rikenglik siyosati-
ning amaliy ifodasidir. Masjid va cherkovlarning yonma-yon faoliyat yuritishi jamiyatda o‘zaro ishonch
muhitini mustahkamlaydi. Diniy bag‘rikenglik O‘zbekistonda nafaqat huquqiy me’yor, balki ma’naviy qadriyat sifatida qaror topmoqda. Turli e’tiqod va qarashlarga hurmat bilan yondashish — tinchlik va totuvlikning eng mustahkam kafolatidir. Aynan shu tamoyil Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy tayanchi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Odil Xudoyqulov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi

