Ilm — jamiyatning quvvati, ma’rifat esa uning ma’naviy chirog‘idir. Bu yorug‘ dunyoga kelgan har bir insonning o‘z iqtidori, qobiliyati, aql-u zakovati va albatta, o‘zi tanlagan kasbi-kori bo‘lib, shu orqali mehnat qiladi, umr kechiradi. Mohir pedagog, yuksak insoniy fazilatlar egasi, taniqli kimyogar olim, ustoz Xayit To‘rayev ham o‘zini kasbiga, ilmga bag‘ishlagan insonlarning biri. Boysun tumanida tug‘ilgan qahramonimiz maktabni a’lo baholarga tamomlagach, Toshkent politexnika institutining kimyo-texnologiya fakultetida o‘qidi. Ilk ilmiy faoliyatini Termiz davlat universitetida kimyo kabineti mudiri sifatida boshladi. 1985-1988-yillari esa O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi yadro fizikasi instituti aspiranturasida o‘qidi.
Iste’dodli olim 1990-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, kimyo fanlari nomzodi, 1998-yilda esa doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, kimyo fanlari doktori ilmiy darajasini olgan bo‘lsa, 1992-yilda dotsent va 2012-yilda esa professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi. Ayni paytda, u Termiz davlat universiteti Analitik kimyo kafedrasi professori, kimyo fanlari doktori.
Professor Xayit To‘rayev kimyo fanining dolzarb muammolari bo‘lgan bir qator yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. U ko‘p yillik samarali mehnat faoliyati davrida o‘zining nodir metallar kimyosi va analiziga bag‘ishlangan ilmiy maktabini yaratdi. Birinchi marta u juda kam miqdordagi nodir metallarni murakkab aralashmalar tarkibidan aniqlash va ajratib olish metodini yaratib, ijobiy natijalar olishga muvofiq bo‘ldi. Juda kam miqdordagi nodir metallarni aniqlash va ajratib olish uchun yangi kimyoviy reaktivlar sintez qilib, ularni bu metallarni ekstraksiya va sorbsiya metodlari yordamida ajratib olishga muvaffaq bo‘ldi. Olim ilmiy tadqiqot ishlarining natijalari sifatida 35 ta monografiya, 200 ta mualliflik guvohnomasi, 25 ta Ixtiro
patenti muallifidir. Uning 600 dan ortiq ilmiy maqolalari xorijiy ilmiy jurnallarda e’lon qilingan. Shuningdek, u universitet kimyo laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash va malakali kadrlar, xususan ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashda ham iqtidorli va talabchan olim, mehribon ustoz sifatida boshqalarga namuna bo‘lib kelmoqda.
So‘nggi besh yilda professor Xayit To‘rayevning 10 nafar shogirdi kimyo fanlari doktori (DSc), o‘ttiz sakkiz nafar shogirdi esa kimyo va texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi.
X.To‘rayev va uning shogirdlari tomonidan yaratilgan kompleks hosil qiluvchi ionitlar olish usullariga Respublika Intellektual mulk agentligining ixtiro patentlari berilgan va “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati korxonalari hamda Respublika metallurgiya kombinatlarining chiqindi suvlari tarkibidagi qimmatbaho metallar ionlarini konsentrlash va ajratib olish uchun tavsiya etilgan.
Ilmga baxshida umr — bu nafaqat shaxsiy saodat, balki butun jamiyatning ravnaqiga xizmat qiladigan yuksak maqsaddir. Zero, ilmli inson nafaqat o‘zini, balki jamiyat va davlatni ham yuksaltiradi.
Bahodir Xolnazarov,
Kimyo fakulteti dekani
Baxtiyor Normurodov,
Kafedra mudiri

