Bugungi kunda aholi hayot sifati va farovonligini oshirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda kambag‘allikni bartaraf etish maqsadida tizimli va keng qamrovli
islohotlar amalga oshirilmoqda.Bu borada muhim asos bo‘lib xizmat qilayotgan hujjatlardan biri — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hisoblanadi.
Ushbu dastur ijrosini ta’minlashda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari o‘z hissasini qo‘shmoqda. Kadastr agentligi ham mazkur jarayonda faol ishtirok etib, aholini qo‘llab-quvvatlash, xususan, tomorqalardan unumli foydalanish hamda tabiiy resurslardan oqilona va innovatsion usulda foydalanishni tashkil etish orqali kambag‘allikni qisqartirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Sug‘orish tizimida quyosh energiyasidan foydalanish — yangi
yechim. Dastur doirasida amalga oshirilgan muvaffa-qiyatli loyihalardan biri — Qiziriq tumanidagi
“Takiya” mahallasida amalga oshirildi. Bu yerdagi 198 ta
xonadon, 865 nafar
aholi va 22 gektar tomorqa yer maydonlari to‘liq o‘rganildi.
Aholining yerlaridan samarali foydalanishini ta’minlash maqsadida 60 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari asosida ishlaydigan suv chiqarish nasosi o‘rnatildi. Ushbu zamonaviy yechim orqali fuqarolarning sug‘orish uchun elektr energiyasiga bog‘liq xarajatlari keskin kamaytirildi, natijada aholining tomorqa faoliyatini yuritishi osonlashdi.
E’tiborlisi shundaki, quyosh energiyasidan foydalanish nafaqat iqtisodiy jihatdan samarali, balki barqaror energetika va atrof-muhitni muhofaza qilish nuqtayi nazaridan ham o‘ta dolzarbdir.
“Takiya” mahallasi misolida ko‘rish mumkinki, tomorqalardan samarali foydalanish aholi turmush tarziga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Jarayonda aholi bilan o‘tkazilgan suhbatlar davomida, turli sabzavot, poliz va dukkakli ekinlar yetishtirish, mavsumiy mahsulotlarni jamlash hamda bozorda sotish borasida amaliy tavsiyalar berildi. Bu esa, har bir oilani o‘zini o‘zi ta’minlashga undashi, qolaversa, ortiqcha mahsulotni bozorga chiqarish orqali daromad manbayi yaratishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Kambag‘allikni qisqartirish va farovon jamiyat qurish — bu uzoqni ko‘zlagan, tizimli va hamkorlikka asoslangan jarayondir. Kadastr agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarni esa bu borada namunaviy loyihalardan biri sifatida e’tirof etish mumkin. Bugun joriy etilgan quyosh panellari, erishilgan natijalar va aholining shijoati — ertangi kun farovonligining poydevori hisoblanadi.
M.Abdiraxmanov,
Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i