TINCHGINA BITIRSAK, MAYLIMI?!

Date:

So‘nggi qo‘ng‘iroqni 25-may sanasida nishonlash 1948-yilda Rossiyada boshlangan. Bu an’ana Krasnodar shahridagi 182-maktab direktori Fyodor Bryuxovetskiy tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, bilimlar kuni, maktabda navbatchi sinflarni tashkil qilish, 1-sinf o‘quvchilari uchun alifbo bilan xayrlashish kabi an’analarni ham Fyodor Bryuxovetskiy olib kirgan. Keyinchalik bu g‘oyalar butun ittifoq bo‘ylab yoyilgan va ularning aksari hozirgacha davom etadi.

BRYUXOVETSKIYNI QARG‘AB…

Bizda har yili 25-may kelishiga ikki oy vaqt qolganidan tashvishning og‘iri bitiruvchi qolib, ularning ota-onasini azoblab boshlaydi. Kundan kun eski qolip ustiga yangicha jimjimalar ilayotgan avlod bilan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” eskicha jarang sochaveradi. Lekin doim, har yilgidek “So‘nggi qo‘ng‘iroqni chiqargan odamga la’nat” yog‘ilaveradi.
— Qizim bu yil maktabni bitiradi, — deydi N.Isaboyev. — Hali uni bahona qiladi, hali buni… Biz ham bitirganmiz. Yildan yilga yangilik qo‘shadi bu yoshlar. Orzu-havas degani ham shuncha bo‘ladimi? Salonda soch turmaklatish, restoranda o‘tirish, maktab tadbiri uchun ikki xil ko‘ylak — ortiqcha chiqim.
Ko‘nglida bitiruvchining ota-onasi bo‘lish mashaqqatini his qilgan borki, o‘zi bitirgan yillar bilan solishtirishni boshlashadi. Yangiliklarning esa yakuni yo‘q, bolalarning esa orzu-havasiga nihoya…
— Har biri 50 ming so‘m bo‘lgan rang sepgich olyapmiz, — deydi Gulnoza To‘rayeva. — Bitiruvchilar davraga taklif qilinganda ushbu ranglar bilan chiqib kelamiz. Ikki kishiga bitta rang — jami 18 ta rang kerak ekan. Avvallari shar va gul bilan chiqishgandi, biz yangilik qilmoqchimiz. Ham ijtimoiy tarmoqlarga videodan parcha qo‘yganimizda uyalmaymiz-da.
Qariyb bir millionga yaqin pulni “ximikat rang”ni davraga sochishga sarflamoqchi bo‘lgan Gulnoza singari yoshlar viloyatda talaygina. Chunki bu trend namoyish etilgan videolar internet tizimida minglab topiladi. Bu esa ko‘z o‘rnashib qolgan manzaraga yangi ranglar ulashish imkonidir.

“Vals otmen” —
tango tushamiz…

Ijtimoiy tarmoqlarda bitiruv oqshomida vals tushish taqiqlanganligi haqidagi xabarlar yashin tezligida tarqaldi-yu ikki oydan beri valsga tayyorlanayotgan o‘quvchilarning ko‘z oldi qorong‘ilashdi… Biroq Ta’lim vazirligi 25-may kuni bo‘lib o‘tadigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida o‘quvchilarning valsga tushishi taqiqlanmaganini ma’lum qildi. “Lekin ayrim ota-onalarning haqli e’tirozlarini inobatga olgan holda tadbirlar ssenariylariga tegishli taqiqlovchi talablar kiritilishi mumkin”, — deydi vazirlik.
— Vals uchun ishtirok etuvchi 8 nafar qiz bir xil qilib ko‘ylak tiktirmoqdamiz, — deydi I.Xo‘jamqulova. — Yigitlarga mazza, ular maktab formasi bilan ham vals tushaveradi. Bizning esa raqs uchun alohida, chiqish uchun alohida kiyinishimizga to‘g‘ri keladi. Oq rangli ko‘ylak tanladik, bayramdan keyin ham bemalol kiya olish uchun.
Vals taqiqlansa-taqiqlanmasa, bolalar yangilik qilishaveradi. Istak bo‘lsa, imkon topiladi deganlaridek, raqslar tanloviga aylanadigan
25-may tadbirlari rangorang raqslar, fleshmoblar, musiqiy chiqishlar bilan boyitiladi.
— Oxirgi yillarda maktabimizda 11-sinf o‘quvchilarining she’rlar o‘qib, tadbirda sahnaviy chiqishlar tayyorlab bitirganini eslay olmayman, — deydi Shahlo Tangirova. — Faqat raqs, raqs, yana raqs. Hali vals deydi, hali yigitlar alohida raqs tayyorlashadi, hali qizlar. She’r aytib tutilib-tutilib hayajonlanib bayram kunini muhokama mavzusiga aylantirishni istashmas balki.
25-may sanasiga yaqin vazirlik tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini yuqori saviyada tartibli o‘tkazish hamda o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli tavsiyalar hamda tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha namunaviy ssenariylar tayyorlanib, ta’lim tashkilotlariga yetkaziladi. Unga ko‘ra, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini ota-onalar, sobiq bitiruvchilar va keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazish, maktablarda tashkil etilgan “Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor” ansambllari a’zolari tomonidan tayyorlangan o‘quvchilarning turli sahna ko‘rinishlari va badiiy kompozitsiyalarni namoyish etish tavsiya qilinadi.
— 11 yil tadbirlar qildik, xoh komediya, xoh badiiy asarlar namoyishi… Bu yil biz bitiramiz, — deydi S.Xudoymurotova. — Iltimos shu bayramni tinchgina o‘tkazaylik. Sahna ko‘rinish tayyorlash kerak, o‘sha kuni salonga kirishni rejalashtirganman, bezanib, sochimni turmaklatib bo‘lgach, sahnada momo rolini o‘ynay olmayman-ku?! Yoki yig‘lash sahnasini qanday ijro etaman? O‘zi bir soat tadbir bo‘lar ekan. 11-sinflar ko‘p, 4-sinflar, 9-sinflar chiqishlari yetadi. Xohlashsa, o‘shalar tayyorlashsin.
Vals tushish necha yilki modadan qolmagan trend. Xorijiy ohangdagi vals sahnasi qiy-chuvlarga sabab bo‘ladi. Doimgidek kulminatsion nuqta ana shu paytda sodir bo‘ladi.
“Ayrim ota-onalar tomonidan maktab ma’muriyatlariga “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida farzandlarining ta’lim olishiga umuman aloqasi bo‘lmagan raqs (vals)ga tushishlariga qarshiliklar bo‘lib, e’tirozlar bildirilmoqda.Bu qaysidir tor doiradagi guruhlar yoki yoshlar tomonidan o‘ylab topilgan “an’ana” tufayli ayrim umumta’lim maktablarida asosiy maqsadi bilim olish bo‘lgan bitiruvchi sinf o‘quvchilari “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida 2-3 oy oldindan vals tushish uchun turli raqs to‘garaklariga qatnab, vals tushishni o‘rganayotganligi yoki o‘sha tadbir uchun alohida qimmatbaho liboslar tiktirish uchun buyurtmalar berilayotganligi, o‘z navbatida, ko‘plab ota-onalarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Darhaqiqat, maktab bu ta’lim maskani, o‘quv yilini yakunlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tadbir — bu eng avvalo, ma’rifat bayrami, ta’lim bergan ustozlarga ehtirom ko‘rsatish bayrami hisoblanadi, — deyiladi tavsiyada.

“Insta nikim yozilishi kerak”

Bitiruvchi tasmasi ham e’tibordan chetda emas, 15 minglik tasmadan farqli o‘laroq, maxsus tayyorlatilgan tasma 50-60 mingni tashkil etadi. Qolaversa, bir kunlik, kamiga bir soatlik tadbir uchun bu shunchaki ortiqcha chiqim.
— Biz sinfimiz bilan bitiruvchi tasmasini buyurtma qilganimizga bir oycha bo‘ldi, — deydi J.Xasanova. — Sinfdoshlarimiz instagramdagi ismini aynan tasmaga yozib berishlarini so‘rashgani shunchaki ortiqcha dahmaza. Ba’zida biz qizlardan ko‘ra shu yigitlarning injiqliklari, qilg‘iliqlariga chidash qiyin kechadi-da. O‘zlaricha, raqs uchun sherik tanlashadimi-yey. 11 yilda sinfdoshlarimni yaqindan tanishga vaqtim bo‘lmagan ekan, oxirgi bir-ikki oy yetarli bo‘ldi. Pana-panada mushtlashib olgan yigitlar, bir-biridan araz urgan qizlarni ham ko‘rdim.
Daniya va Shvetsiyada ham o‘qishning so‘nggi kuni o‘ziga xos nishonlanadi. Qizlar oq libos, yigitlar oq ko‘ylak va kostyum kiyadi. Maktabda bitiruvchiga tantanali ravishda maxsus oq qalpoqcha beriladi. Qalpoqchaning ichki qismiga barcha sinfdoshlarning ismi yozilgan bo‘ladi. Ammo bizga qolsa, har kuni yangilik, an’analarning esa adog‘i-yu sabog‘i yo‘q.
— So‘nggi yillar sinfdoshlarning bir-birining ko‘ylaklariga turli bo‘yoq va markerlarda tilaklar yozish urfga kirdi, — deydi termizlik o‘qituvchi Sh.Abdullayev. — Yana o‘sha ko‘ylak bilan istirohat bog‘lariga boradigan yoshlar-ku, dard ustiga chipqondek gap. Bir paytlar suv sepish moda bo‘lgandi. Dunyo bilan bo‘ylashadigan bolalarimiz faqat orzu-havasning quliga aylandi-qoldi. Hech biri universitet haqida, bitirganidan keyingi kuni haqida o‘ylamay qoldi. Fikri yodi — bitiruv oqshomida.
Norvegiyada ham so‘nggi qo‘ng‘iroq kunidan oldin bitiruvchilar ko‘k yoki qizil kombinezon kiyishni boshlaydi. Bu bitiruvchi sinflarning maxsus formasi hisoblanadi. Shaharlarda bitiruvchilar paradi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, bitiruvchilar kichik sinflar uchun o‘z tashrif qog‘ozlarini ham tayyorlaydi. Ularda bitiruvchi rasmi, shiorlar va iqtiboslar bo‘ladi. Bizning bolalarimiz anchagina dono. Ular instagram niki bilan hammasini hal qilishmoqda — bitiruv tasmasidan hamma narsani topishingiz mumkin. Rangorang tilaklar bitilgan va yaroqsiz holga kelgan ko‘ylaklar esa “tentakka tel berishdek” befoyda.

Sinf rahbariga sovg‘a, maktabga sovg‘a, sinfdoshga sovg‘a,
ota-onaga sovg‘a

Vazirlik tomonidan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2024/2025-o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar” ishlab chiqilgan. Bunda:
— Umumiy o‘rta ta’lim muassasa-larida tadbirni 2025-yilning 24-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00 ga qadar tashkil etish;
— tadbirni tartibli o‘tkazish va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ular sonidan kelib chiqqan holda ushbu tadbirga faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari jalb etish;
— tadbirni tartibli o‘tishini ta’minlash maqsadida mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish vakillari bilan hamkorlikda maktabning hovlisi, bog‘ida yoki soya-salqin ochiq maydonlarida o‘tkazish hamda maktab hududiga texnika vositalari va begona shaxslarning kiritilmasligini ta’minlash;
— tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni talab darajasida jihozlash, gigiyena va tozalik talablariga muvofiq sharoitlar yaratish, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilingan holda o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash;
— maktab rahbariyati tomonidan tadbir ishtirokchilarini tabriklash jarayonida yurtimizda so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili”da ta’lim tizimidagi islohotlar to‘g‘risida aniq raqam va dadillar keltirilgan holda ma’lumot berish;
— tadbirga faxriy o‘quvchilar, ota-onalar, kasaba uyushmasi, mahalla va hamkor tashkilotlar, shuningdek, o‘rnak bo‘ladigan maktabning sobiq bitiruvchilarini taklif etgan holda ular tomonidan bitiruvchilarga bayram tabrigi va tilaklarini bildirishlarini tashkil etish;
— tadbirda yil davomida namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilarni taqdirlash va rag‘batlantirish;
— maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, shuningdek, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onalariga “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona”, “A’lochi o‘quvchi otasi”, “Bilimli qiz onasi” kabi nominatsiyalari bo‘yicha tashakkurnomalar berish tavsiyalari berilgan.
Tavsiyalardan ko‘rinadiki, tadbir “maktab qaldirg‘ochlari”ga oq yo‘l tilash tadbiridir. Yoshi ulug‘lardan, nuroniy ustozlardan duo olish niyat qilingan. Lekin bunga nechog‘lik erishiladi — bunisi boshqa masala?!
— Tadbirlarda asosan o‘quvchilarning onalariga gul berishi ommalashgan, qolaversa, sinf rahbariga sovg‘a beradigan sinflar ham navbat talashib janjal keltirib chiqaradi, — deydi A.T. — Bitiruvchilar ko‘p, hammasining aytar gapi bor. Kimdir she’r o‘qiydi, kimdir qo‘shiq qo‘ying deb talab ham qiladi. Sinf rahbariga berilgan “qimmatbaho” sovg‘asini topshirarkan, butun sinfning uvillashi esa asablarni egovlaydi. So‘zga chiqqanlarni eshituvchi topilmaydi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘ladi.Bir soat deyilgan tadbir 2 soatga cho‘zilib ketadi.
Germaniyada ham bitiruv kuni bayram qilinib, mamlakatning ayrim joylarida bitiruvchilar o‘zlaridan esdalik sifatida maktab bog‘iga gul va daraxtlar ekishadi. Qaniydi, bizda mana shunday an’analar ommalashsa, mayli, yilning bu vaqtida daraxt ekib bo‘lmas, lekin maktab uchun bitiruvchilardan esdalik bo‘lib qoladigan biror allomaning hikmatlari bitilgan stendlar sovg‘a qilinsa, foydali bo‘larmidi?
— Bizning maktabimizda
1998-yilda bitirgan o‘quvchilar tomonidan sovg‘a qilingan qo‘ng‘iroq bo‘lardi, — deydi D.Xoliqova. — Har safar navbatchiligimizda shu qo‘ng‘iroqni qo‘limga olarkanman, ushbu bitiruvchilarning sovg‘asi maktabda eng kerakli va muhim ekanligini o‘ylab qolardim. “1998-yilgi bitiruvchilardan sovg‘a” deb o‘yib yozilgan yozuv esa hozir ham yosh bolalarga ushbu bitiruvchilarni eslatib tursa ajabmas.

Taqiqlar ham yo‘q emas

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari munosabati bilan quyidagi tadbirlarni tashkil etish qat’iyan taqiqlanadi:
— restoran va kafelar hamda xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari” o‘tkazish uchun ota-onalardan pul yig‘ish;
— bitiruv tadbirlarida o‘quvchilaridan qimmatbaho sovg‘alar uchun pul yig‘ish, bitiruv kechalariga atab qimmat kiyimlar olish, restoranlarda o‘tkazish;
— “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yig‘imlariga yo‘l qo‘ymaslik;
— o‘quvchilarning guruh-guruh bo‘lib xiyobonlar, istirohat bog‘lari, cho‘milish havzalariga borib, turli ko‘ngilsiz holatlarni keltirib chiqarishining oldini olish shart.
So‘zga chechan odamning har doim ham “ammo”si bo‘lgan deganlaridek, bu taqiqlar kuni kecha e’lon qilingani anchagina kechikish deyish mumkin. Chunki bitiruvchilar allaqachon 25-may kuni uchun joylarni “bron” qilishgani bor gap. Orzumand ota-onalar esa allaqachon bu o‘tirish uchun pul ham topib berib bo‘ldi. Har yili bir ko‘tarilib, yana o‘n ikki oy eslanmaydigan mavzu esa
26-may kuni unut bo‘ladi.
Talafotlar bo‘lmasin, shovla ketsa ketsin, obro‘ ketmasin deb ikki oyog‘ini bir etikka tiqqan, ota-onasining qiynalib topayotgan bir-ikki so‘mini ham bir kunning o‘tkinchi xoyu havasiga sarf etadigan yoshlar ham, nasib, ota-onasining hissiyotlarini ortig‘i bilan his etsin!

Vaqtida an’analarga ergashgan sobiq bitiruvchi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Xayr bog‘cha – salom maktab”

Viloyatimizning barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida "Xayr bog‘cha – salom...

Yong‘in 14 soatda o‘chirildi

Boysun tumanidagi “Kengdala” o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli archazorlarga tutash...

TerDU: targ‘ibot tadbirlari Boysunda

Yurtimizda oliy ta’lim dargohlari soni yil sayin oshib bormoqda....

“Yozgi sog‘lomlashtirish — muhim davr”

Uzun tumanidagi 4-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Yozgi sog‘lomlashtirish...
KunTun
KunTun