“Men yerni yaxshi ko‘raman. Ishlasam, dam olaman”

Date:

Umid Rajabovning bu so‘zlari uning kasbga munosabatini izohlash uchun yetarli. Chunki u uchun yer bilan ishlash shunchaki tirikchilik manbayi emas, yillar davomida shakllangan hayot tarzi.
1985-yilda harbiylar oilasida tug‘ilgan Umid Rajabov bolalikdan intizom va mas’uliyat muhitida ulg‘aydi. Oilasidagi kasbga hurmat unga ham singgan bo‘lsa-da, u kelajak yo‘lini boshqacha tanladi. Harbiylik o‘rniga dala, yer, suv va hosil bilan bog‘liq mehnatni o‘ziga yaqin bildi.
Mehnat faoliyatini suvchilikdan boshlagan Umid aka dastlab daladagi eng muhim jarayonlardan biri — suv taqsimoti va ekin parvarishi bilan shug‘ullandi. Dala yumushlari, mavsumning tashvishlari, hosil uchun kurash va yillar davomida orttirilgan tajriba uni qishloq xo‘jaligining boshqa jihatlariga ham yaqinlashtirdi.
Bugun u “Qoraxon Yangiariq” fermer xo‘jaligida ish boshqaruvchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu yerda uning ko‘p yillik tajribasi bevosita daladagi ish jarayonida namoyon bo‘lmoqda.
Ayni paytda fermer xo‘jaligi dalalarida Xitoy seleksiyasiga mansub “Xin Lu Zao 72” (“Xitoy 72”) navli paxtani zamonaviy paxta terish mashinasida yig‘ib olish ishlari davom etmoqda. Hosilning bir tekis ochilishi va mashinali terimga tayyorlash uchun maydonlarga kerakli ishlov berilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur navdan har gektar maydondan 60 sentnergacha hosil olish kutilmoqda. Bu raqam ortida esa faqat texnika yoki agrotexnik tadbirlar emas, balki dalani biladigan, uning holatini kuzatib, har bir jarayonga mas’uliyat bilan yondashadigan insonlarning mehnati turibdi.
Umid aka uchun daladagi kunlar odatiy ish kunidan farq qiladi. U bu muhitni yaxshi ko‘radi. Chunki yerga urug‘ qadab, uning unib chiqishini, hosilga kirishini va nihoyat mehnat natijasini ko‘rish — uning uchun kasbining eng katta zavqi.
Yer bilan ishlash sabrni talab qiladi. Ob-havo, suv, ekinning holati va hosil taqdiri doimo e’tiborda bo‘lishi kerak. Bir qarashda oddiy ko‘ringan har bir dala yumushi ortida esa tajriba va mas’uliyat turadi.
Umid Rajabovning hayot yo‘li ham aynan shu jihati bilan e’tiborga molik: u o‘ziga mos kasbni izlabgina qolmay, tanlagan sohasida yillar davomida tajriba orttirdi va bugun shu mehnatining samarasini ko‘rmoqda.
Yerga mehr bilan qaragan, kasbini sidqidildan bajargan inson uchun esa har bir hosil — mehnatning javobi. Umid Rajabovning bugungi faoliyati ham ana shu oddiy haqiqatni ko‘rsatib turibdi.

K.Abdullayeva,
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi deputati

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Maktabda Rudakiy nafasi

Abu Abdulloh Rudakiy nomi fors-tojik mumtoz adabiyoti tarixida alohida...

Surxon yo‘llarida katta o‘zgarish

Yo‘l — faqat bir manzilni ikkinchisi bilan bog‘laydigan qatnov...

Xatoning narxi qancha?

Bir marta sinab ko‘rsam nima bo‘lardi?” — ko‘pincha xavf...

Kitob — bezak emas, ehtiyoj

Rahbarning ish stolida kitob turishi shunchaki chiroyli manzara emas....
KunTun
KunTun