Kitob — bezak emas, ehtiyoj

Date:

Rahbarning ish stolida kitob turishi shunchaki chiroyli manzara emas. Muhimi, u kitobni o‘qiydimi, o‘qiganidan qanday xulosa chiqaradi va bu bilimni ishiga qanchalik tatbiq etadi. Chunki rahbarning dunyoqarashi uning qarorlarida, jamoa bilan muloqotida va odamlarga munosabatida namoyon bo‘ladi.
Kitob o‘qigan inson voqealarga faqat bir tomondan qarab qolmaydi. U solishtiradi, tahlil qiladi, savol beradi, sabab va oqibatni izlaydi. Maktab rahbari uchun esa bunday fikrlash ayniqsa muhim. Chunki u faqat ta’lim jarayonini tashkil etmaydi — o‘qituvchi, o‘quvchi, ota-ona va jamoa manfaatlarini bir nuqtada uyg‘unlashtirishga harakat qiladi.
Rahbarning kitob bilan oshnoligi uning shaxsiy odati bo‘lib qolmasligi kerak. Bu odat jamoaga ham ko‘chishi lozim. Maktab direktori o‘qisa, o‘qituvchi o‘qishga qiziqadi; o‘qituvchi kitob bilan ishlasa, bu muhit o‘quvchiga ham ta’sir qiladi. Shunday qilib, bitta insonning mutolaa odati butun jamoaning ma’naviy muhitiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu jihatdan Surxondaryo viloyati Direktorlar kengashi a’zolarining vakant lavozimlarga tavsiya etilayotgan maktab rahbarlari bilan muloqotlarida kitob mutolaasiga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Rahbarlikka tayyorgarlik faqat boshqaruv ko‘nikmalari bilan cheklanmaydi. Keng dunyoqarash, teran fikr, boy nutq va odamlar bilan ishlash madaniyati ham rahbar faoliyatining muhim qismidir.
Maktab — bilim beriladigan maskan. Uning rahbari esa, avvalo, o‘rganishdan to‘xtamasligi kerak. Chunki o‘zi kitobdan uzoqlashgan rahbar jamoasida mutolaa muhitini shakllantirishi qiyin. Aksincha, o‘qiydigan rahbar savol beradigan, izlanadigan va yangilikka intiladigan jamoaga yo‘l ochadi.
Kitob rahbar uchun tayyor qarorlar bermaydi. Ammo to‘g‘ri qaror izlash uchun kerak bo‘ladigan fikrlashni boyitadi. Ana shu jihatdan mutolaa — rahbarning shaxsiy odati emas, uning kasbiy qurolidir.

Nargiza Jumayeva,
Surxondaryo viloyati Direktorlar kengashi a’zosi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Surxonning betakror manzillari jurnalistlar nigohida

Turizm qo‘mitasi tomonidan Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatini keng targ‘ib...

Maktablarda “FAST – superqahramonlar” ta’lim dasturi joriy etiladi

Yurtimizda ilk bor qabul qilingan Infarkt va insultga qarshi...

Tibbiy xizmat yaxshilanadi

Muzrabot tumanidagi Chegarachi mahallasida “Tashabbusli byudjet” dasturining birinchi mavsumi...

Xavfsizlik choralari kuchaytirildi

Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash xizmatida kuz-qish mavsumini xavfsiz...
KunTun
KunTun