Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligidagi voha delegatsiyasi Belarus Respublikasiga amaliy tashrif bilan bordi. Tashrif doirasida Mogilyov viloyati bilan savdo-iqtisodiy va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Dastlab, viloyat hokimi Mogilyovdagi Shon-shuhrat maydonida joylashgan Abadiy olov yodgorligiga gul qo‘yib, ozodlik va tinchlik yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etdi.
Shundan so‘ng Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Anatoliy Isachenko va Ulug‘bek Qosimov rahbarligida delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvi o‘tkazildi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya, ijtimoiy va madaniy aloqalar izchil rivojlanayotgani qayd etildi.
Muloqotda Surxondaryo va Mogilyov viloyatlari o‘rtasida hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlovchi hujjatlar imzolandi. Jumladan, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv hamda uni 2026–2028-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
Mazkur kelishuvlar ikki hudud o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

